add

Embraer: Tramp bojlari ta’siri pandemiya darajasida bo‘lishi mumkin

16.07.2025 | 09:0021104

Braziliyaning Embraer aviatsiya shirkati Donald Tramp boj siyosati joriy etilsa, o‘z biznes rejasini qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘lishi mumkinligini bildirdi. Kompaniya rahbariga ko‘ra, ehtimoliy iqtisodiy zarar 2030 yilgacha 3,6 mlrd dollarga yetishi mumkin.

Embraer: Tramp bojlari ta’siri pandemiya darajasida bo‘lishi mumkin
Embraer rahbari Fransisku Gomes Netu joriy bojlarni «embargoning o‘zginasi» deb atab, ular kompaniyaning nafaqat mablag‘ oqimi, balki ishchi kuchi va investitsiya loyihalariga ham jiddiy zarba berishi mumkinligini aytdi. Unga ko‘ra, bunday ta’sir pandemiya paytida kuzatilgan keskin kamayishlarga teng keladi. O‘shanda kompaniya daromadi 30 foizga pasaygan va xodimlarning 20 foizi ishdan bo‘shatilgan edi. Netuning ma’lum qilishicha, AQSH bozoriga yuboriladigan buyurtmalarni boshqa davlatlarga yo‘naltirishning iloji yo‘q, bu esa biznes rejani qayta ko‘rib chiqishga majbur etadi. Shu bois Embraer rahbariyati Braziliya vitse-prezidenti Jeraldu Alkmin bilan uchrashuv o‘tkazgan. Kompaniyaning AQSHda 3 ming atrofida xodimi bor va ushbu bojlar nafaqat Braziliyadagi, balki Amerikadagi faoliyatiga ham ta’sir ko‘rsatishi aytilmoqda. Tahlillarga ko‘ra, Embraer daromadining 60 foizi Shimoliy Amerikadan keladi va uning katta qismi yangi bojlar ta’siriga tushishi mumkin. Itaú BBA va UBS kabi banklar bojlar hisobiga kompaniyaning xarajatlari yil oxirigacha 70 mln dollarga ortishi mumkinligini ta’kidlagan. Ayrim tahlilchilarga ko‘ra, agar Embraer AQSHdagi xarajatlarni mijozlarga yuklashiga to‘sqinlik qilinsa, kompaniya rentabellikni yo‘qotishi mumkin. Yoki aksincha, bojlar narxlarga yuklansa, kompaniya o‘sish salohiyatini yo‘qotadi. Embraer aksiyalari Tramp bayonotidan so‘ng bosim ostida qoldi va 9 iyuldan buyon 8 foizga arzonlashdi. Shunga qaramay, joriy yilda umumiy o‘sish hamon 31 foizni tashkil etmoqda. Fransisku Gomes Netu AQSH va Buyuk Britaniya o‘rtasida iyun oyida aviatsiya tarmog‘i uchun bojlar bo‘yicha kelishuv bo‘lgani kabi, Embraer uchun ham ikki tomonlama kelishuv topish mumkinligini bildirdi.

Teglar

Mavzuga oid