
Emina Erdo‘g‘an Melaniya Trampga murojaat qildi: G‘azodagi bolalarni unutmang
24.08.2025 | 09:002193
Turkiyaning birinchi xonimi AQSHning birinchi xonimi Melaniya Trampga murojaat qilib, G‘azoda aziyat chekayotgan bolalarga ham xuddi Ukraina bolalariga bo‘lganday hamdardlik ko‘rsatishga chaqirdi.

Maktubda Amine Erdo‘g‘an Melaniyaning 648 nafar ukrain bolasi qurbon bo‘lgani munosabati bilan bildirgan hamdardligi haqida eslab o‘tdi va uning e’tiborini G‘azoda oxirgi ikki yilda halok bo‘lgan 62 ming tinch aholi, jumladan 18 ming bolaga qaratishga chaqirdi. U BMTning bolalar jamg‘armasi ma’lumotlariga tayanib, har 45 daqiqada G‘azoda bir bola halok bo‘layotganini ta’kidladi.
Turkiyaning birinchi xonimi o‘z maktubida bolalar boshidan kechirayotgan psixologik jarohatlarga ham alohida e’tibor qaratib, «ular kulishni unutishgan, o‘limini kutmoqda», deya yozdi. U G‘azo vaziyatini «insonparvarlik inqirozining yuraklarni titratuvchi ko‘rinishi» sifatida baholadi.
Amine Erdo‘g‘an Melaniya Trampni Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahuga ham shunday murojaat bilan chiqishga undadi. Uning ta’kidlashicha, bu chaqiriq G‘azodagi bolalar taqdiriga bo‘lgan xalqaro munosabatni o‘zgartirishda muhim qadam bo‘lishi mumkin.
Maktub yakunida Erdog‘an 18 ming 885 nafar halok bo‘lgan bolalarni eslab, hayotda qolgan bir milliondan ortiq G‘azo bolasi uchun hali kech emasligini ta’kidladi. U insonparvarlik tamoyillarini ustun qo‘yish va «haqiqatni manfaatlar yo‘lida qurbon qiluvchi» tizimlarga qarshi birlashishga chaqirdi.





