add

Endi ishsizlik nafaqasi faqat mehnat shartnomasi bekor qilingan shaxslarga to‘lanadi

08.08.2025 | 17:006033

1 noyabrdan ishsizlik nafaqasi olish tartibi va ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalar uchun ish o‘rinlari zaxirasi bo‘yicha yangi qoidalar kuchga kiradi.

Endi ishsizlik nafaqasi faqat mehnat shartnomasi bekor qilingan shaxslarga to‘lanadi
Prezident farmoniga muvofiq, 2025 yil 1 noyabrdan ishsizlik nafaqasi faqat mehnat shartnomasi bekor qilingan shaxslarga to‘lanadi. Yangi tartib so‘nggi 5 yilda kamida 18 oy ishlagan va shartnoma bekor qilinganidan so‘ng 6 oy ichida murojaat qilgan fuqarolarga tatbiq etiladi. Nafaqa to‘lovi 3 oy davomida amal qiladi: birinchi oyda o‘rtacha oylik ish haqining 75 foizi, ikkinchi va uchinchi oylarda esa 50 foizi miqdorida to‘lanadi. Har ikki holatda ham to‘lov mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining uch baravaridan oshmasligi belgilandi. Takroran nafaqa olish uchun avvalgi to‘lov tugaganidan keyin kamida 12 oylik ish staji talab etiladi. Shuningdek, shu kundan boshlab xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar nogironligi bo‘lgan shaxslar, oilaviy zo‘ravonlikdan jabrlanganlar, Kambag‘al oilalar reyestridagi fuqarolar, muqobil joylashtirish shakllarida tarbiyalangan yetimlar va ota-ona qaramog‘idan mahrum shaxslar uchun ish o‘rinlarining majburiy zaxiralarini shakllantiradi. Majburiy zaxira umumiy xodimlar sonining 3 foizidan oshmasligi va 100 nafardan ortiq xodimga ega tashkilotlarga nisbatan qo‘llanishi shart qilib belgilangan. Maqsad — ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarning bandligini ta’minlash hamda mehnat bozorida teng imkoniyatlar yaratish.

Teglar

Mavzuga oid