add

Endi kreditlar reklamacida uning xatarlari haqida ogohlantiriladi

11.09.2025 | 10:0012493

Markaziy bank kreditlar reklamacida moliyaviy xatarlar haqida ogohlantirish majburiy qilinishini taklif etmoqda, loyiha yil oxirigacha tayyorlanadi.

Endi kreditlar reklamacida uning xatarlari haqida ogohlantiriladi
O‘zbekistonda kreditlar reklamasi orqali iste’molchilarga moliyaviy xizmatlar taqdim etish tartibi o‘zgarishi mumkin. Markaziy bank tomonidan «Reklama to‘g‘risida»gi qonunga tegishli qo‘shimchalar kiritish taklif etildi. Tashabbusning maqsadi — aholiga kreditlar orqali yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan moliyaviy xatarlar haqida aniq ma’lumot berishdir. Markaziy bankning Bank xizmatlari iste’molchilari huquqlarini himoya qilish xizmati boshlig‘i Bahodir Mirzayevning aytishicha, reklamada qarz to‘lovlarini kechiktirish oqibatida kredit tarixining buzilishi, yangi qarzlar olish imkoniyati tortib qo‘yilishi yoki shartlar og‘irlashishi kabi holatlar ko‘rsatilishi mumkin. Bu esa o‘z navbatida foiz stavkalari oshishiga ham olib kelishi ehtimolini bildiradi. Mirzayev ta’kidlashicha, hozirda loyiha ishlab chiqish bosqichida. Reklamada qaysi xatarlar ochiq yoritilishi lozimligi yuzasidan muhokamalar olib borilmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, qonun loyihasi joriy yil oxiriga qadar tayyorlanib, Vazirlar Mahkamasiga taqdim etiladi. Loyiha Markaziy bank, reklama bozoridagi asosiy regulyator bo‘lgan Raqobat qo‘mitasi hamda Adliya vazirligi hamkorligida ishlab chiqilayotgani ma’lum qilindi. Hujjatda belgilangan tartib qabul qilinsa, kreditlar reklamacida iste’molchilarni moliyaviy qiyinchiliklardan ogohlantiruvchi qisqa izohlar majburiy tarzda qo‘shilishi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, xatarlar to‘g‘risidagi ogohlantirishlar faqat bosma yoki internet reklamalarida emas, balki televizion va audio formatlarda ham tarqatilishi mumkinligi aytib o‘tildi.

Teglar

Mavzuga oid