
Endi kriminogen mahallalarda sun’iy intellektga ulangan kameralar o‘rnatiladi
20.08.2025 | 11:0020394
Shuningdek, nizoli oilalar holatidan har 3 kunda xabar olish va jamoat joylarida «tashvish» tugmalari o‘rnatish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston Prezidentining 18 avgustdagi qaroriga ko‘ra, mahallalarda jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha yangi mexanizmlar ishga tushiriladi. Qarorning asosiy maqsadi xavfli hududlarni zamonaviy texnologiyalar bilan qamrab olish va aholining mulk xavfsizligini kuchaytirishdan iborat.
Hujjatga ko‘ra, kriminogen vaziyati murakkab mahallalar maxsus dasturiy ta’minotga integratsiya qilingan kuzatuv kameralari bilan ta’minlanadi. Bu orqali real vaqtda nazorat qilish va jinoyatlarning oldini olish imkoniyati oshadi.
Qaror bilan «Kriminogen vaziyati murakkab mahallalarda jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha manzilli choralar» Konsepsiyasi tasdiqlandi. Uning maqsadi – mahallalarda jinoyatchilikni barqarorlashtirish va xavfsiz muhit yaratish.
Konsepsiyaga ko‘ra, tuman (shahar) ichki ishlar boshliqlari va prokurorlar xizmat xonalari 2025 yil yakunigacha mahallalarda ochiladi. Shuningdek, bosqichma-bosqich mahalla huquq-tartibot maskanlari faoliyat boshlaydi.
Nizoli oilalar holatidan har 3 kunda xabar olish, targ‘ibot ishlarini olib boruvchi «mahalla targ‘ibotchisi» jamoatchilik guruhlarini tashkil etish va jamoat joylarida «tashvish» tugmalari o‘rnatish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, joriy yil yakuniga qadar jismoniy shaxslar mulkini texnik qo‘riqlash qamrovini 30 foizga, yuridik shaxslar mulkini esa 60 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Bu choralar orqali mulkiy jinoyatlarning oldini olish samaradorligi keskin oshishi kutilmoqda.
Qarorda ichki ishlar tizimini malakali kadrlar bilan ta’minlash masalasi ham aks etgan. Xususan, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida masofaviy ta’lim shakli joriy etiladi va bakalavriat dasturi bo‘yicha qabul kvotalari bosqichma-bosqich ko‘paytiriladi. Bu esa kelgusida professional tarbiyalangan kadrlar zaxirasini yaratishga xizmat qiladi.
Mutasaddilarga ko‘ra, mazkur chora-tadbirlar mahallalardagi jinoyatchilik xavfini kamaytirish, aholi xavfsizligi va huquq-tartibotni mustahkamlashga qaratilgan.





