
Endi pensiyalar to‘g‘ridan to‘g‘ri tayinlanadi
20.05.2025 | 16:1520503
Yangi qonunga asosan, pensiya yoshiga yetgan fuqarolarga yoshga doir pensiya «proaktiv shaklda» — murojaat talab qilinmasdan tayinlanadi. Shu bilan birga, fuqaro tayinlangan pensiyani rad etish huquqiga ega.

2025 yil 19 may kuni qabul qilingan «Ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun (O‘RQ-1066-son) bilan «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi Qonunga muhim o‘zgartishlar kiritildi. Endilikda, fuqarolar yoshga doir pensiyaga chiqish uchun alohida ariza bermasdan, ushbu huquq avtomatik ravishda amalga oshiriladi.
Ya’ni, pensiya yoshiga yetgan fuqarolarning ma’lumotlari axborot tizimlari orqali aniqlanib, ularga murojaatsiz pensiya tayinlanadi. Bu jarayon «proaktiv» shaklda amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, agar fuqaro tayinlangan pensiya miqdoridan norozi bo‘lsa yoki ishlashni davom ettirib, keyinchalik pensiyaga chiqishni istasa, uni rad etish huquqiga ega.
Bunda fuqaro xabarnomani olgan kundan boshlab 10 kun ichida Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga, yoki Davlat xizmatlari markazi, yoxud YAIDXP (my.gov.uz) orqali ariza yoki so‘rovnoma bilan murojaat qilishi lozim.
Pensiya tayinlash yoki rad etish bo‘yicha ariza va so‘rovnomalar 10 kun muddatda ko‘rib chiqiladi. Pensiya tayinlash esa fuqaro belgilangan yoshga yetgan kunning o‘zida amalga oshiriladi.
Mazkur yangilik fuqarolar uchun davlat xizmatlarini avtomatlashtirish, shaffoflik va qulaylikni oshirishga qaratilgan navbatdagi qadam sifatida baholanmoqda.





