
Energiya samaradorligini oshirish orqali yiliga 60 mln dollar tejash mumkin
03.06.2025 | 13:204763
O‘zbekistonda energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar iqtisodiy samaradorlikka erishish va ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim omilga aylanmoqda. Tahlillarga ko‘ra, bu orqali yiliga yuz millionlab dollar mablag‘ tejalishi mumkin.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda energiya samaradorligini oshirish sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar orqali salmoqli iqtisodiy foydaga erishish mumkin. Xususan, ko‘p xonadonli uy-joylarda tashqi devorlarni izolyatsiyalash, eshik va derazalarni almashtirish, isitish tizimlarini yaxshilash orqali yiliga 60 mln dollardan ortiq mablag‘ tejalishi mumkin.
Jahon bankining tahminlariga ko‘ra, ijtimoiy soha ob’ektlari — maktablar, maktabgacha ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalarida energiya samaradorligini oshirish orqali energiya iste’molini 20−50 foizga kamaytirish mumkin. Bu 7,1 mlrd kWh elektr energiyasi tejalishiga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, mazkur choralar har yili atmosferaga chiqariladigan karbon gazi hajmini 780 ming tonnagacha qisqartirish imkonini beradi. Mamlakatda faollashib borayotgan uglerod kvotalari bozorida bu ortiqcha kvotalarni sotish imkonini oshiradi va yiliga 50 mln dollargacha daromad keltirishi mumkin.
Energetika sohasidagi bu islohotlar infratuzilmani yangilash va bozor tamoyillari asosida samarali tizimga o‘tishni ko‘zda tutadi. Bu nafaqat iqtisodiy, balki ekologik barqarorlikka ham xizmat qilmoqda.
Mutasaddilarning fikricha, loyihalarda mahalliy aholi va tashkilotlarning faol ishtirokini ta’minlash chora-tadbirlarning samaradorligini yanada oshiradi. Bu esa mamlakatning barqaror rivojlanishiga hissa qo‘shadi.





