«Eng himoyalangan sektor»: Urushdan bemalol chiqa oladigan aksiyalar qaysi sohadaligi aytildi

09.03.2026 | 16:552 daqiqa

AQSH va Eron o‘rtasidagi urushning birinchi haftasida ayrim an’anaviy «xavfsiz boshpana» aktivlari kutilgandek natija ko‘rsatmadi. Bunday sharoitda UBS tahlilchilari portfelni himoya qilishning boshqa usulini taklif qilmoqda.

«Eng himoyalangan sektor»: Urushdan bemalol chiqa oladigan aksiyalar qaysi sohadaligi aytildi

Yaqin Sharqdagi mojaro kuchayib borayotgan bir paytda farmatsevtika kompaniyalari aksiyalari himoya aktivlaridan biriga aylanishi mumkin, deb hisoblaydi UBS tahlilchilari. Bu haqda bankning tahliliy yozuviga tayanib, CNBC telekanali xabar berdi.

Telekanal ta’kidlashicha, AQSH va Eron o‘rtasidagi urushning birinchi haftasida ayrim an’anaviy «xavfsiz boshpana» aktivlari kutilgandek o‘zini tutmagan: oltin narxi 1,5 foizdan ortiq arzonlashdi, asosiy iste’mol tovarlari sektori esa neft va benzin narxlari oshishi tufayli bosim ostida qoldi. Shu fondan kelib chiqib, UBS tahlilchilari portfelni himoya qilishning boshqa usulini taklif qilmoqda. Ularning fikricha, farmatsevtika kompaniyalari aksiyalari Eron bilan urush sharoitida nisbatan barqaror bo‘lishi mumkin.

«Yaqin Sharqdagi taranglik fonida ko‘plab investorlar diversifikatsiya yo‘llarini izlamoqda. Farmatsevtika sektori eng himoyalangan sohalardan biri bo‘lib, PMI indekslari bilan juda kuchli teskari korrelyatsiyaga ega», – deb yozadi UBS strategi Andryu Gartveyt.

Bu degani, iqtisodiyot sekinlashganda bu aksiyalar bozorga nisbatan yaxshiroq natija ko‘rsatishi mumkin.

Tahlilchi tilga olgan kompaniyalar orasida «Eli Lilly and Company» va «Merck & Co.» ham bor. UBS bu ikki aksiyaga ham «Buy» reytingi bergan, ya’ni ularni sotib olishni tavsiya qilmoqda. Shu bilan birga, Gartveyt bu baholash 30 dan ortiq farmatsevtika kompaniyalariga ham taalluqli ekanini qayd etdi. So‘nggi olti oy ichida «Eli Lilly and Company» aksiyalari taxminan 36 foizga, «Merck & Co.» aksiyalari esa 37 foizga qimmatlashgan.

Qarz yuki pastligi

Gartveytning ta’kidlashicha, farmatsevtika kompaniyalari aksiyalari hali ham nisbatan arzon baholanmoqda. Bundan tashqari, kompaniyalarning qarz yuki pastligi ham ularning afzalliklaridan biri hisoblanadi. Uning fikricha, kredit spredlari oshgan paytlarda bu sektor eng yaxshi natijalarni ko‘rsatadigan sohalardan biri.

Bu aktivlar foydasiga qo‘shimcha omil sifatida short-pozitsiyalar ulushining yuqoriligini ham keltirish mumkin: UBS ma’lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich bo‘yicha farmatsevtika 29 ta global soha orasida yettinchi o‘rinni egallaydi. Bu esa short-skviz – aksiyalar narxining keskin o‘sishi ehtimolini oshiradi. Bunday holatda aksiyalar pasayishini kutib short-pozitsiya ochgan investorlar ularni yopish uchun bozordan aksiyalarni qayta sotib olishga majbur bo‘ladi.

Bundan tashqari, UBS tahlilchilari fikricha, generativ sun’iy intellekt davrida ham bu sektor yutuqqa ega bo‘lishi mumkin. Chunki bunday texnologiyalar farmatsevtika sohasida tadqiqot va ishlanmalar samaradorligini oshirishi mumkin.

Teglar