add

Eng katta pasayish «TBC Bank»da: O‘zbekiston banklari 2025 yilda qanday foyda oldi?

Bugun 18:182 daqiqa

Tugatilayotgan «Yangi bank»dan tashqari barcha 34 ta bank 2025 yilni foyda bilan yakunladi. Bunda eng oxirgi o‘rinni «TBC Bank» egalladi. «Milliy bank» bu safar ham eng ko‘p foyda oluvchi bank maqomini saqlab qoldi.

Eng katta pasayish «TBC Bank»da: O‘zbekiston banklari 2025 yilda qanday foyda oldi?

O‘zbekiston banklarining 2025 yilda olgan umumiy foydasi 15,5 trln so‘mni tashkil qildi. Bu haqda operativ ma’lumotlarga tayanib, Bankers.uz xabar bermoqda.

2

2025 yilgi foyda banklar uchun rekord darajada bo‘lib, avvalgi yilga nisbatan 2,3 barobar ko‘proq bo‘ldi. Avvalgi rekord 2023 yilda qayd etilgandi.

Yil davomida 1 trln so‘mdan ko‘proq foyda olgan banklar soni birinchi marta 5 tani tashkil qildi. Foyda bo‘yicha yetakchi — «Milliy bank» bo‘ldi. Bank 2025 yilda foydasini qariyb 200 mlrd so‘mga oshirib, 1,92 trln so‘mga yetkazdi.

Ikkinchi o‘rinni 1,88 trln so‘m bilan «SQB» (+576,9 mlrd so‘m) egalladi. «Kapitalbank» (+632,4 mlrd so‘m) esa 1,79 trln so‘m foyda olib, kuchli uchlikni yopib berdi.

2024 yilda «Milliy bank»dan keyin ikkinchi o‘rinda bo‘lgan «Hamkorbank» — bu safar to‘rtinchi pog‘ona bilan kifoyalanadi. Bankning foydasi o‘tgan yili 278,4 mlrd so‘mga oshib, 1,7 trln so‘mga yetdi. Biroq, «SQB» va «Kapitalbank»da o‘sish «Hamkorbank»dan kattaroq bo‘lgani sabab bank kuchli uchlikdan chiqib ketdi.

«OFB» 2025 yilni o‘zi uchun rekord darajada yakunlab, 1 trln so‘mdan ko‘proq foyda olgan beshinchi bankka aylandi. Bank foydasi yil davomida 143 mlrd so‘mga ortgan.

Yaqinda tugatilishi ma’lum bo‘lgan «Yangi bank» o‘tgan yili 136,7 mlrd so‘m zarar olgan. «Yangi bank»dan tashqari barcha 34 ta bank 2025 yilni foyda bilan yakunlagan. Bu ham 2025 yil banklar uchun qanchalik muvaffaqiyatli yil bo‘lganini ko‘rsatadi.

Davlat ulushi mavjud banklar 2025 yilni 5 trln 793,7 mlrd so‘mlik foyda bilan yakunlagan. Bir yil oldingi natijalardan farqli ravishda, 2025 yilni birorta davlat banki zarar bilan yakunlamagan.

2024 yilni zarar bilan yakunlagani «Mikrokreditbank» (-1,7 trln so‘m) va «Biznesni rivojlantirish banki» (-2,2 trln so‘m) 2025 yilda mos ravishda 160,8 mlrd so‘m va 503 mlrd so‘m sof foyda olgan. «Biznesni rivojlantirish banki» 2025 yilda foyda ko‘rsatkichi eng ko‘p yaxshilangan bank bo‘ldi.

34 ta bankdan faqat 5 tasi 2025 yilga nisbatan kamroq foyda olgan. Bular «Infinbank», «Uzum bank», «Ziraat bank», «Poytaxtbank» va «TBC Bank». Qolgan barcha banklarda o‘sish kuzatildi.

Faqatgina ikkita bank 2025 yilda 1 mlrd so‘mdan kamroq foyda oldi — «Avo bank» (684 mln so‘m) va «TBC Bank» (628 mln so‘m). «TBC Bank» foydasi eng ko‘p pasayib ketgan bank bo‘ldi. Bank 2024 yilda 341 mlrd so‘mdan oshiq sof foyda olgandi.

Teglar

Fozil Qambarov

Fozil QambarovMaqolalar soni: 41

Barchasi

Mavzuga oid