
Eng ko‘p kichik tadbirkorlar sub’ektlari Toshkent shahrida
13.06.2025 | 15:4016572
2025 yil 1 may holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan kichik tadbirkorlik sub’ektlari soni 377 833 tani tashkil etdi. Bu raqam fermer va dehqon xo‘jaliklarini inobatga olmagan holda hisoblangan. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.

Yil boshidan buyon respublikada kichik biznes sub’ektlari soni 19 717 taga oshgan. Bu esa tadbirkorlik faoliyatiga qiziqishning ortib borayotganini ko‘rsatadi. Tahlillarga ko‘ra, tadbirkorlik faoliyatida hududlar kesimida Toshkent shahri mutlaq yetakchilikni saqlab kelmoqda — bu yerda 88 883 ta kichik biznes sub’ekti ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, umumiy ulushi 23,5 foizni tashkil qiladi.
Quyida kichik tadbirkorlik sub’ektlari soni bo‘yicha yetakchi hududlar keltirilgan:
Toshkent shahri — 88 883 ta
Toshkent viloyati — 36 619 ta
Samarqand viloyati — 32 901 ta
Farg‘ona viloyati — 29 523 ta
Qashqadaryo viloyati — 23 554 ta
Buxoro viloyati — 23 545 ta
Eng kam ko‘rsatkich Sirdaryo viloyatida qayd etilgan — 9 403 ta. Bu hududda tadbirkorlik muhiti va infratuzilmasini yanada rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar mavjud.
Statistika ko‘rsatmoqdaki, kichik biznes mamlakat iqtisodiyotida muhim rol o‘ynayotgani barobarida, hududlar o‘rtasidagi rivojlanish tengligini ta’minlash borasida ham hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.





