
Eng ko‘p kitob o‘qigan xodimga pul mukofoti beriladi
2026 yil 1-aprelga qadar o‘zida va tizimidagi tashkilotlarda «Kitob burchagi» tashkil etiladi va xodimlar uchun har oyda «Kitob o‘qish soati» yo‘lga qo‘yiladi.

«Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori 2026 yil 15-yanvar kuni qabul qilindi. Hujjatga muvofiq, davlat boshqaruvi tizimida kitobxonlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi mexanizmlar joriy etiladi.
Qarorga ko‘ra, barcha vazirlik va idoralar 2026 yil 1-martga qadar o‘z faoliyat sohasiga oid tavsiya etiladigan kasbiy adabiyotlar ro‘yxatini shakllantiradi. Shu bilan birga, har yili kamida uchta xorijiy kasbiy adabiyot mahalliy nashriyotlar orqali o‘zbek tiliga tarjima qilinib, mutaxassislar ishtirokida izoh, lug‘at va amaliy misollar bilan boyitiladi.
2026 yil 1-aprelga qadar barcha davlat tashkilotlarida va ularning tizimlarida «Kitob burchagi» tashkil etiladi. Xodimlar uchun har oyda «Kitob o‘qish soati» joriy qilinib, kitobxonlik bo‘yicha ichki reyting tizimi shakllantiriladi.
Tanlov asosida eng ko‘p kitob o‘qigan xodimga bir oylik ish haqi miqdorida pul mukofoti beriladi. Shuningdek, kitobxonlik natijalariga ko‘ra, eng ko‘p kitob o‘qigan top-100 nafar o‘quvchi va talabaning har biriga bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravariga teng mukofot to‘lanadi.
Qaror doirasida 2026 yil 1-fevraldan aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilishga qaratilgan «Kitob – ma’rifat manbai» dasturi amalga oshiriladi. Umumta’lim muassasalarida «Jadidlar izidan» kitobxonlik klublari tashkil etilib, klub a’zolari o‘rtasida muntazam kitob tahlillari, debatlar va rag‘batlantirish tadbirlari o‘tkaziladi.





