add

Eng ko‘p nodir yer elementlari zaxirasi qaysi davlatlarda yig‘ilgan?

28.11.2025 | 14:5520623 daqiqa

Nodir yer elementlari — 17 ta metalldan iborat bo‘lgan, zamonaviy texnologiyaning asosiy tayanchi sanaladigan strategik resursdir. Ular elektromobillar, shamol turbinalari, smartfonlar, yuqori aniqlikdagi navigatsiya va harbiy tizimlar ishlashi uchun zarur xomashyo hisoblanadi.

Eng ko‘p nodir yer elementlari zaxirasi qaysi davlatlarda yig‘ilgan?

Nodir yer elementlari bugungi yuqori texnologiyali sanoatning eng muhim poydevoridan biridir. Ularsiz elektromobillar, zamonaviy shamol turbinalari, smartfonlar, aniq navigatsiya tizimlari va ko‘plab harbiy-texnik uskunalar to‘liq quvvatda ishlamaydi. Periodik jadvaldagi 17 ta metalldan tarkib topgan bu resurslar tabiatda yoki juda tarqoq holda uchraydi, yoki ularni ajratib olish qiyin texnologik jarayonlarni talab qiladi. Shu bois nodir yer elementlari geosiyosiy raqobatning markazida turgan strategik xomashyoga aylangan.

AQSH Geologiya xizmati (UCGC) ma’lumotlari asosida Visual Capitalist tayyorlagan infografika esa bu resurslar jahonda qay darajada nomutanosib taqsimlanganini yaqqol ko‘rsatadi.

photo_2025-11-28_11-55-50

USGS ma’lumotlari dunyodagi nodir yer elementlarining asosiy qismi faqat bir nechta davlat qo‘lida jamlanganini, bu esa texnologiya bozoridagi kuchlar asosiy muvozanatni belgilayotganini ko‘rsatmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoy Xalq Respublikasi 44 million tonna nodir yer elementlari bilan mutlaq yetakchi hisoblanadi. Bu jami 91,9 million tonnani tashkil etuvchi jahon zaxiralarining taxminan yarmiga to‘g‘ri keladi. Mamlakatning bu sohadagi ulkan ustunligi global texnologiya zanjirlarida Xitoy ta’sirining naqadar kuchli ekanligini izohlaydi.

11

Braziliya 21 million tonna resurs bilan ikkinchi o‘rinda turibdi. U yerdagi katta konlarning ko‘p qismi hali o‘zlashtirishning dastlabki bosqichlarida bo‘lgani holda, kelgusida mamlakatning bozordagi ulushi yana ham ortishi mumkin. Bu esa nodir yer elementlari bo‘yicha xalqaro raqobatni kuchaytirish ehtimolini oshiradi.

2

Uchinchi o‘rinda esa Hindiston 6,9 million tonna zaxira bilan turibdi, keyingi o‘rinlarni Avstraliya (taxminan 5,7 million tonna), Rossiya (3,8 million tonna) va Vietnam (3,5 million tonna) davlatlari egallagan.

33

44

Ushbu olti davlatning o‘zi jahondagi ma’lum zaxiralarning qariyb beshdan to‘rt qismini nazorat qiladi, bu esa resurslar geografiyasidagi kuchlar muvozanatini yanada aniqlashtiradi.

Yettinchi o‘rindagi AQSH esa bor-yo‘g‘i 1,9 million tonna, ya’ni dunyoning 2 foiz zaxiralariga ega. Bu mamlakatning nodir yer elementlari bo‘yicha xorijiy ta’minlovchilarga kuchli bog‘liqligini ko‘rsatadi. Shundan kelib chiqqan holda, Tramp ma’muriyati so‘nggi oylarda ichki konchilik loyihalarini moliyalashtirish, ruxsat berish jarayonlarini soddalashtirish va ittifoqchi mamlakatlar bilan hamkorlikni kuchaytirish orqali Xitoy importiga qaramlikni kamaytirishni asosiy vazifalardan biri sifatida belgilagan.

5

Daniya Qirollining avtonom hududi Grenlandiya 1,5 million tonnaga yaqin noyob yer elementlari bilan sakkizinchi o‘rinda turibdi.

Taxminan 890 000 tonna zaxiraga ega Tanzaniya esa ro‘yxatdan to‘qqizinchi o‘rinni egallagan. Tanzaniyada qazib olish dastlabki bosqichda bo‘lsa-da, mamlakatdagi resurslarning ko‘pligi kelajakdagi rivojlanish uchun katta imkoniyatlar yaratadi.

55

Kuchli o‘ntalikni taxminan 860 000 tonna zaxiralari bilan Janubiy Afrika yakunlagan.

O‘rta Osiyodagi Nodir elementlarning deyarli barchasi tarkibi murakkab ma’danlarda uchraydi. O‘zbekistonda ham nodir yer elementlari bo‘yicha sezilarli salohiyat mavjud. Mamlakat hududida bu turdagi minerallarning bir qancha turlari aniqlangan bo‘lib, ularning asosiy qismi hali to‘liq o‘rganilmagan va sanoat miqyosida o‘zlashtirilmagan. Angren konidan qazib olinadigan ko‘mir tarkibida galliy, germaniy, vanadiy, molibden, reniy elementlari mavjud. Olmaliqdagi «Qalmoqqir» metall konidagi ma’dan tarkibida esa molibden, reniy kabi Nodir elementlar uchraydi. Bu elementlar juda oz miqdorda bo‘lganligi sababli ularni boyitish va ajratib olishning samarali usullari va texnologiyalari hozircha ishlab chiqilmagan. «Qizilqumnodirmetalloltin» konserniga qarashli hududlarda uran va boshqa aktinoid elementlar bor. Ayni vaqtda sanoat miqyosida faqat uran birikmalari ajratib olinadi.

66

Ma’lumot uchun: nodir yer elementlari kimyo fanining alohida guruhini tashkil etib, Mendeleyev davriy jadvalidagi ittriy (Y), lantan (La) va 14 ta lantanoid elementlarini o‘z ichiga oladi. Ayrim hollarda skandiy (Sc) ham shu guruh tarkibiga kiritiladi. Ularning tabiatdagi o‘ziga xosligi shundaki, bu elementlar odatda birga uchraydi va kimyoviy xossalari ham juda o‘xshash. Ko‘pchiligi kumushsimon oq metall bo‘lib, havodagi kislorod ta’sirida tezda oksid qatlami hosil qilib, yuzasi qorayib boradi. Nodir yer elementlari asosan ikki guruhchada jamlanadi: seriy guruhchasi (La, Ce, Pr, Nd, Sm, Eu) va ittriy guruhchasi (Y, Gd, Tb, Dy, Ho, Er, Tm, Yb, Lu). Ularning aynan shunday ximiyaviy o‘xshashligi industriyada ajratib olish va boyitish jarayonlarini murakkab va qimmatga tushiruvchi asosiy omillardan biridir.

Ruxsora Jovliyeva tayyorladi

Teglar

Ruxsora Jovliyeva

Ruxsora JovliyevaMaqolalar soni: 63

Barchasi

Mavzuga oid