add

Erdo‘g‘an BMT minbarida Isroilni genotsidda aybladi — G‘azodan dahshatli raqamlar

24.09.2025 | 09:2045234

Rajab Toyyib Erdo‘g‘an BMTda so‘zlab, G‘azodagi voqealarni «genotsid» deb atadi va Isroilning harakatlarini keskin qoraladi.

Erdo‘g‘an BMT minbarida Isroilni genotsidda aybladi — G‘azodan dahshatli raqamlar
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida Isroilning G‘azodagi harakatlarini keskin qoraladi. Uning ta’kidlashicha, «G‘azoda 700 kundan beri urush emas, balki haqiqiy genotsid kechmoqda». Turkiya rahbariga ko‘ra, bu holatni jahon hamjamiyati «urush» deb atashi mumkin emas. O‘z nutqining boshida Erdo‘g‘an Falastin prezidenti Mahmud Abbosning yig‘ilishda yo‘qligidan afsus izhor qildi. U Turkiya bu minbarda «ovozi o‘chirilmoqchi bo‘lgan Falastin xalqi ovozini ham ko‘tarmoqda», deb ta’kidladi. Turkiya yetakchisi Falastin davlatini tan olgan mamlakatlarga minnatdorchilik bildirdi va boshqa davlatlarni ham shu yo‘ldan borishga chaqirdi. Erdo‘g‘an BMT Nizomining birinchi moddasini eslab, tashkilotning asosiy vazifasi tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash ekanini eslatdi. «Biroq hozir G‘azoda kechayotgan voqealar bu tamoyillarni to‘liq inkor etmoqda», — dedi u. Prezident ma’lumotlarga ko‘ra, 65 mingdan ziyod odam halok bo‘lganini, ularning 20 mingdan ortig‘i bolalar ekanini aytib o‘tdi.
«Har soatda Isroil bir bolaning jonini olyapti. Bu shunchaki raqamlar emas, bu insonlar, begunoh jonlar», — deya urg‘u berdi u.
Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, G‘azoda odamlar quroldangina emas, balki ochlikdan ham halok bo‘lmoqda. «XXI asrda, sivilizatsiyalashgan dunyo ko‘z o‘ngida, 428 odam ochlikdan o‘ldi, ulardan 146 nafari bolalar», — dedi u. U nutqi davomida G‘azodan surat ham namoyish qilib, «2025 yilda bunday qiynoqqa qanday izoh topish mumkin?» deya ritorik savol berdi. Turkiya prezidentining ta’kidlashicha, 2,5 mln aholi juda tor hududda majburiy ko‘chirilishi bilan kun kechirmoqda, tibbiy tizim esa butkul vayron qilingan.
«Hozir G‘azoda ikki yoki uch yoshli bolalarning qo‘l-oyoqsiz holda tirik qolishi odatiy manzaraga aylandi. Buni og‘riq bilan aytayapman», — deya nutqini yakunladi Erdo‘g‘an.

Teglar

Mavzuga oid