
Erdo‘g‘an Eronni Zangezur koridoriga qo‘shilishga chaqirdi
30.05.2025 | 08:4533363
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Ozarboyjondan qaytganidan so‘ng Zangezur koridorini ochish zarurligini ta’kidlab, Eronni mintaqaviy tinchlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

Erdo‘g‘an va Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev birgalikda Lochin xalqaro aeroportini ochish marosimida ishtirok etishdi. Turkiya rahbari Qorabog‘ning 30 yillik okkupatsiyadan so‘ng ozod etilishi va hozirgi tiklanish jarayonini mamnuniyat bilan qayd etdi. U Turkiya kompaniyalari ozod qilingan hududlarni rivojlantirishda, jumladan Lochin aeroportini qurishda faol ishtirok etayotganini bildirdi.
Prezident Zangezur yo‘lagiga alohida e’tibor qaratib, uni nafaqat Ozarboyjon va Naxichivonni bog‘lovchi yo‘l, balki butun turkiy dunyo uchun yangi integratsiya nuqtasi sifatida ta’rifladi. U Eronni ham bu tashabbusga qo‘shilishga da’vat etib: «Bu qadamlar mintaqaviy tinchlik, barqarorlik va rivojlanish uchun xizmat qiladi. Biz Eron ham bu jarayonda manfaat ko‘rishini xohlaymiz», — dedi.
Erdo‘g‘an, shuningdek, Ozarboyjonning urushdan so‘ng tinchlik tashabbusini boshqaruvchi davlatga aylanganini ta’kidlab, Armaniston bilan normallashuv jarayoni «ehtiyotkorlik bilan» davom etayotganini bildirdi. U Janubiy Kavkazda qarama-qarshilik emas, tinchlik va osoyishtalikni ko‘rishni istashini bildirdi.
Uchrashuvda Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif bilan savdo, investitsiya, energetika va oziq-ovqat xavfsizligi sohalarida hamkorlik muhokama qilindi. Erdo‘g‘an oziq-ovqatda to‘liq mustaqillikni milliy xavfsizlik masalasi deb ta’rifladi va uch davlat o‘rtasida yaqin hamkorlikka chaqirdi.
Shuningdek, u Pokiston va Hindiston o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini olqishlab, Pokiston rahbariyatining «donoligi va sabr-toqatini» alohida qayd etdi.





