
Erdo‘g‘an Makronning qarorini qo‘llab-quvvatladi
27.07.2025 | 19:3033883
Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Fransiya rahbari Emmanuel Makron bilan telefon orqali muloqotda uning Falastinni mustaqil davlat sifatida tan olish qarorini olqishladi.

Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan telefon orqali suhbatda Falastinni mustaqil davlat sifatida tan olish to‘g‘risidagi qarorni qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda Turkiya prezidenti ma’muriyati rasman ma’lum qildi.
Ma’lumotga ko‘ra, suhbat davomida Erdo‘g‘an Makronni ushbu siyosiy qadam bilan tabriklagan. Ular shuningdek, G‘azo sektori va butun mintaqadagi vaziyat yuzasidan fikr almashgan. Erdo‘g‘an G‘azodagi gumanitar sharoit keskin yomonlashganini qayd etib, xalqaro hamjamiyatni bu muammoni zudlik bilan hal qilish choralarini ko‘rishga chaqirgan.
«Isroil va Falastin o‘rtasidagi ziddiyat barham topishi kerak. Mintaqada barqaror va adolatli tinchlik faqat ikki davlat yechimi orqali amalga oshishi mumkin», - degan Erdo‘g‘an suhbatda.
Ma’lumki, 24 iyul kuni Makron BMT Bosh Assambleyasining sentyabrdagi sessiyasida Fransiya rasman Falastinni davlat sifatida tan olishini ma’lum qilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Turkiya uzoq yillardan beri Falastinni tan olgan va ikki davlat yechimini hal qiluvchi yo‘l deb hisoblaydi.





