add

Erdo‘g‘an-Netanyahu bahsi: Quddus, G‘azo va yangi mojarolar markazda

17.09.2025 | 19:40347210

Erdo‘g‘an Isroilni «insoniyatga qarshi siyosat»da aybladi, Netanyahu esa Quddusni «abadiy Isroilniki» deya ta’kidladi.

Erdo‘g‘an-Netanyahu bahsi: Quddus, G‘azo va yangi mojarolar markazda
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 16 sentyabr kuni, Dohadan qaytayotganda HAMAS muzokarachilariga qilingan havo hujumi yuzasidan qat’iy tanqid bildirdi va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni «mafkuraviy jihatdan Hitlerning qarindoshi» deb atadi. U Isroilning hujumlarini «insoniyatga qarshi» va «xavfli ideologiya» deb atab, sionist siyosatining tahdidli tomonlarini ko‘rsatdi. Erdo‘g‘an shuningdek, mintaqaviy va xalqaro hamjamiyatni falastinliklarga nisbatan yuzaga kelgan og‘ir gumanitar vaziyatga e’tibor qaratishga chaqirdi.   «New York deklaratsiyasi» Isroilning Qatardagi hujumi HAMAS delegatsiyasining tinchlik muzokaralariga kelgan vakillarini nishonga olgani nafaqat Turkiyada, balki  xalqaro maydonda keskin norozilikni keltirib chiqardi. Xususan, BMT Bosh assambleyasi 12 sentabr kuni Yaqin Sharqda tinchlik o‘rnatish va ikki davlat — Isroil va Falastin tuzish to‘g‘risidagi qarorni amalga oshirish to‘g‘risidagi «New York deklaratsiyasi» ni ko‘pchilik ovoz bilan ma’qullagani haqida xabar bergan edik. Hujjat HAMASning 2023 yil 7 oktyabrda Isroilga uyushtirgan hujumini ham, Isroilning G‘azo sektoridagi javob bombardimonlari va «halokatli humanitar falokatga olib kelgan »harbiy amaliyotini ham qoralaydi. Deklaratsiyani 142 ta davlat, jumladan, O‘zbekiston yoqlab ovoz berdi, o‘n davlat qarshi chiqdi (Isroil, Argentina, Vengriya, Mikroneziya, Nauru, Palau, Papua-Yangi Gvineya, Paragvay, Tonga va AQSH), 12 ta davlat betaraf qoldi. Bosh assambleyaga BMTga a’zo 193 davlat kiradi. Isroil elchisi Dani Danon deklaratsiyani «bir tomonlama» deb atadi va u «tarixga tinchlik sari qadam sifatida emas, balki Bosh assambleya obro‘siga putur yetkazuvchi navbatdagi quruq ishora sifatida kirishi»ni aytdi. Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha ekspert Shavkat Ikromovga ko‘ra, BMT G‘azo masalasida juda kechikib qaror qabul qildi. «BMT Isroil harakatini «genotsid» deb atashdan ham ko‘ra jiddiy choralar, masalan, zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish, tinchlikparvar qo‘shinlarni kiritish, Isroilga nisbatan barcha davlatlarni sanksiyalar qo‘llashga chaqirish. Umuman olganda, uning qo‘lida juda ko‘p richaglar bor edi». Shuningdek, Yevropa Ittifoqi ham Isroilga nisbatan chelovlar joriy etishi mumkinligi ma’lum qildi. Ittifoq hozirda Isroilning ekstrimistik kayfiyatdagi vazirlariga hamda Falastin yerlarini noqonuniy ravishda egallab olgan isroillik posyolkalar aholisiga nisbatan sanksiyalar joriy etish masalasini ko‘rib chiqmoqda.   Netanyahuning javobi Erdo‘g‘anga javoban Quddusda AQSH davlat kotibi Marko Rubio bilan birga o‘tkazilgan tadbirda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘anni keskin tanqid qildi. «Quddus bizning shahrimiz. Janob Erdo‘g‘an, bu sizning shahringiz emas. U har doim bizniki bo‘lgan va bundan keyin ham bo‘lib qoladi. Hech qachon bo‘linmaydi», — dedi Netanyahu o‘zining rasmiy sahifasida e’lon qilingan videoda. Daily Sabah nashrining yozishicha, Turkiya poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil Falastin davlatini qo‘llab-quvvatlaydi va buni Isroil-Falastin mojarosini barqaror hal etishning yagona yo‘li deb hisoblaydi. Anqara nafaqat falastinlik tinch aholini, balki muqaddas joylarni Isroilning hujumlaridan himoya qilish maqsadida ham faol diplomatik harakatlar olib bormoqda. Falastin tomoni Sharqiy Quddusning kelajakda mustaqil Falastin davlatining poytaxti bo‘lishiga umid qilmoqda va Quddus masalasi mojaroning eng muhim nuqtalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Turkiya nashrlarining xabar berishicha, Isroil rasmiylari prezident Erdo‘g‘anga avval ham tahdid qilgan. Masalan, sobiq tashqi ishlar vaziri Yisrael Kats uni Iroqning ag‘darilgan yetakchisi Saddam Husaynga o‘xshatgan. Turkiya esa bularga e’tibor bermay falastinliklarni qo‘llab-quvvatlashda davom etishini va Isroilning «genotsid urushi»ni qoralashini aytmoqda. NATO a’zosi bo‘lgan Turkiya 2023 yildan beri Isroilning G‘azodagi hujumlarini keskin tanqid qilib keladi. Ankara bu hujumlarni falastinliklarga qarshi genotsid deb atagan, Isroilga qarshi Jahon sudiga murojaat qilgan va unga qarshi barcha savdo aloqalarini to‘xtatgan.   Isroil-Suriya mojarosi Mintaqadagi adovat Suriyaga ham o‘tdi. Damashqda yangi hokimiyat kelganidan keyin Isroil kuchlari bir necha hafta davomida Suriyaga hujum qilmoqda. Turkiya rasmiylari va prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bu zarbalarni keskin qoralab, ularni ba’zan «Suriya hududiga bostirib kirish», deb baholamoqda. Suriya tomoni hujumlar natijasida zarar ko‘rgan ob’ektlar va jabrlanuvchilar haqida moddiy dalillar va bayonotlar bilan chiqmoqda. Damashq va boshqa markazlardan kelgan xabarlar Isroil zarbalari oqibatida odatdagidan ko‘proq infrastrukturaga zarar yetgani, tinch aholi orasida ham jabrlanuvchilar mavjudligi haqida ogohlantirmoqda. Isroil Suriyaga hujum qilishga asosiy sabab sifatida mamlakat  hududidagi «dushman» kuchlarning (masalan, Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan militsiya yoki HAMASga yaqin bo‘lgan guruhlar) qurollanishi va harakatlanishini oldini olishni keltirgan. Mehrinoz Farmonova tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid