
Erdog‘an Qorabog‘da Isroilning «qonli ko‘li» haqida gapirdi
04.07.2025 | 20:4515132
Xonkendi shahridagi Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammitida nutq so‘zlagan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an Isroil hukumati siyosati mintaqani qonga botirayotganini tanqid qildi.

4 iyul kuni Qorabog‘ning Xonkendi shahrida bo‘lib o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) sammitida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an nutq so‘zladi. U o‘z chiqishida ushbu anjumanning Ozarboyjon tomonidan ozod qilingan hududda o‘tkazilishi tarixiy ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Erdog‘an nutqida bir qator global va mintaqaviy masalalarga to‘xtaldi. Xususan, u Isroilni G‘azodagi harbiy harakatlari uchun keskin tanqid qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Netanyahu hukumati mintaqani qonli ko‘lga aylantirmoqda va Turkiya bunday zolimlikka tomoshabin bo‘lib tura olmaydi». Erdog‘an, shuningdek, mamlakatining Falastin masalasidagi qat’iy pozitsiyasi o‘zgarmasligini ta’kidladi.
Shuningdek, Erdog‘an IHT doirasida Shimoliy Kipr Turk Respublikasi bilan sport, iqtisod, turizm va madaniyat sohalarida hamkorlikni kengaytirishni taklif qildi.
Turkiya rahbari, so‘zining yakunida, Suriyadagi yangi hokimiyat bilan munosabatlarni tiklash zarurligini ham eslatib o‘tdi.





