
Erkinjon Turdimov: «Majburiy mehnatda ishtirok etgan direktor ham, o‘qituvchi ham ishdan olinishi kerak»
29.08.2025 | 21:004785
Sirdaryo viloyati hokimi birorta maktabda majburiy mehnat bo‘lsa, avtomatik tarzda direktori ishdan olinishi kerakligini aytdi.

Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov majburiy mehnatga buyurgan maktab direktorlari va majburiy mehnatga chiqqan o‘qituvchilar ishdan olinishi kerakligini aytdi. Bu haqda 27 avgust kuni IV Ustozlar milliy forumida so‘z ochdi.
«O‘qituvchilarga majburiy mehnat mutlaqo mumkin emas. Fursatdan foydalanib bir narsani aytmoqchimanki, birorta maktabda majburiy mehnat bo‘lsa, avtomatik tarzda direktori ishdan olinishi kerak. Shuningdek, majburiy mehnatga chiqqan odamni ham ishdan olish kerak. Chunki uni majburlab ishga chiqargan bo‘lsa... «chiq» desa, chiqib ketaversa, u qanaqa o‘qituvchi bo‘ladi?!», - dedi Turdimov.
Shuningdek, hokim majburiy obuna masalasiga ham to‘xtalib, bunga yo‘l qo‘ygan maktab direktori ishdan ketishini aytdi.
«Mana meni qiynaydigan ikkinchi masala – obuna masalasi. Birorta o‘qituvchi gazetaga majburan obuna bo‘ladigan bo‘lsa, o‘sha maktab direktorini ishdan olaman. Hamma bilib olsin. O‘sha paytda ishdan olaman. Obuna bo‘lsangiz, o‘zingiz bo‘ling… bitta gazetaga, ana to‘rt-besh o‘rinbosaringiz, zavxozingiz obuna bo‘lsin. O‘qituvchiga tegmang. Bundan tashqari, obuna uchun maktablarga moliya tomonidan pul ajratilgan, 4 milliard so‘mdan ortiq», - dedi hokim.
Jurnalist Shuhrat Shokirjonov o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida hokimning o‘shbu nutqiga quyidagicha munosabat bildirdi.
«Bir qaraganda, chiroyli va o‘rinli gaplar. Lekin bunday majburiy mehnatni yuzaga chiqarish uchun «jinoyat»ning ustiga kimdir borib qolish kerak. Chunki «sendan ugina, mendan bugina» qabilidagi bunday win-win konsepsiya shundoq ham respublikamizning aksariyat maktablarida necha yillardan biri shveysariya soatidek aniq ishlab kelmoqda. Bundan keyin ham ishlashda davom etadi, mabodo shaxsan Turdimovning o‘zi ustiga borib qolmasa. Chunki bu hokimdan quyida boshqa hammani mavjud holat qoniqtiradi», - deya yozgan u.
Avvalroq, Andijon viloyati Marhamat tumanidagi 42-maktabning ayol o‘qituvchilari sinfxonalarni remont qilayotgani aks etgan videolar tarqalgandi. Shundan so‘ng maktab direktori ishdan olingan va u ustozlar «majburiy mehnatga jalb qilingani uchun» 41 mln so‘m jarimaga tortilgan.





