Eron 11-sentabr voqealari takrorlanishidan ogohlantirdi

Bugun 19:402 daqiqa

Ali Lorijoniyning aytishicha, Epshteyn tarmog‘ining qolgan a’zolari 11-sentabrga o‘xshash hodisani uyushtirmoqchi.

Eron 11-sentabr voqealari takrorlanishidan ogohlantirdi

Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Ali Lorijoniy 11-sentabr voqealariga o‘xshash hodisa uyushtirilishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

Uning ta’kidlashicha, bunday provokatsiya orqali javobgarlikni Eron zimmasiga yuklash rejasi muhokama qilinayotgan bo‘lishi mumkin.

Lorijoniy 15-mart kuni «X» ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida bu haqda bayonot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim guruhlar 2001-yil 11-sentabrdagi hujumlarga o‘xshash hodisani tashkil etishni rejalashtirayotgani haqida ma’lumotlar mavjud.

«Men Epshteyn tarmog‘ining qolgan a’zolari 11-sentabrga o‘xshash hodisani uyushtirish va unda Eronni ayblash maqsadida til biriktirganini eshitdim», — deb yozdi Lorijoniy.

Harbiy vaziyat

Bu bayonot AQSHning Eronga qarshi quruqlikdagi harbiy amaliyot boshlashi mumkinligi haqidagi xabarlar tarqalayotgan bir paytda yangradi.

Demokrat senator Richard Blyumental Senatda «Epik g‘azab» operatsiyasi bo‘yicha o‘tkazilgan yopiq brifingdan so‘ng Vashington aynan shu yo‘nalishda harakat qilayotganini aytgan edi.

So‘rovnomalarga ko‘ra, amerikaliklarning taxminan 75 foizi Eronga qarshi quruqlikdagi bosqinga qarshi. Shu sababli, ayrim tahlilchilar fikricha, AQSH ma’muriyati bunday qaror qabul qilish uchun jiddiy sabab yoki bahonaga muhtoj bo‘lishi mumkin.

Tehronning pozitsiyasi

Eron rasmiylari mamlakat terrorchilik harakatlariga aloqador emasligini ta’kidlamoqda. Lorijoniyning aytishicha, Tehron «Amerika xalqi bilan urush olib bormayapti».

Shu bilan birga, u mamlakat o‘z-o‘zini himoya qilish tartibida harakat qilayotgani va AQSH hamda Isroilning hujumlariga «qat’iy va shiddatli» javob qaytarishini eslatib o‘tdi.

AQSH va Isroil Eronga qarshi operatsiyani 28-fevral kuni boshlagan edi. O‘sha kunning o‘zidayoq oliy rahnamo Oyatulloh Ali Xomanaiy o‘ldirildi. Bir qator yuqori martabali mulozimlar yo‘q qilinganiga qaramay, koalitsiya Eron davlatchiligini ag‘darishga muvaffaq bo‘lmadi.

Teglar

Mavzuga oid