add

Eron AQSH va Isroilni zarbalarni to‘xtatishga chaqirdi va muzokaralarga tayyorligini bildirdi

17.06.2025 | 08:3014464

Icroil havo hujumlaridan so‘ng Tehron ortiqcha eskalatsiyadan qochish niyatida ekanini bildirdi. Eron arab davlatlari vositasida AQSH va Isroilga murojaat yuborib, zarbalarni to‘xtatish va yadroviy dastur bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlashga tayyorligini ma’lum qildi.

Eron AQSH va Isroilni zarbalarni to‘xtatishga chaqirdi va muzokaralarga tayyorligini bildirdi
The Wall Street Journal manbalariga ko‘ra, Eron rasmiylari AQSH va Isroilga arab davlatlari orqali murojaat yo‘llab, harbiy harakatlarni darhol to‘xtatish va yadroviy dastur bo‘yicha muzokaralarga qaytishga tayyor ekanini bildirishdi. Ammo bu taklifga javob sifatida Isroil hozircha hech qanday rag‘bat bildirmayapti — chunki Isroil harbiy-havo kuchlari Eron osmonida to‘liq ustunlikni qo‘lga kiritgan. Tehron arab diplomatlariga bildirishicha, agar AQSH Isroil hujumlariga qo‘shilmasa, Eron muzokaralarga o‘tishi mumkin. Isroilga yo‘llangan xabarlarda esa har ikki tomon zo‘ravonlikni cheklashdan manfaatdor ekani aytilgan. Isroilning juma kuni boshlagan havo zarbalari natijasida Eron harbiy rahbariyati va harbiy havo kuchlari yuqori qo‘mondonlari halok bo‘lgan, Oliy rahbar Ali Xomanaiy esa amalda siyosiy izolyatsiyada qolgan. AEXA ma’lumotiga ko‘ra, bu hujumlar Eronning asosiy yadroviy ob’ektlariga jiddiy zarar yetkazmagan. Fo‘rdu va Xundobdagi ob’ektlar butunligicha saqlangan, Natanzdagi eksperimental zavodning yer usti qismigina vayron qilingan. Shunga qaramay, Isroil hujumlarini davom ettirishga tayyor ekani bildirilmoqda. Arab diplomatlari ta’kidlashicha, Tehron Isroil uzoq muddatli urushga tayyor emas, degan umid bilan diplomatik yechimga qaytishga harakat qilmoqda. Ammo Fo‘rdu kabi yer ostida joylashgan yadroviy inshootlarga jiddiy zarar yetkazish uchun AQSHning maxsus aviabombalarisiz bunday amaliyot amalga oshirilmaydi. Eron muzokaralarda uran boyitishdan voz kechishga tayyor emasligini bildirgan. Bu esa Vashington talab qilayotgan asosiy shartlardan biri. Isroil manbalariga ko‘ra, Tel Aviv kamida uran boyitishni to‘xtatishni Eron tomonidan muvaffaqiyatli muzokaralar uchun birinchi qadam deb hisoblaydi. Vositachilarning ta’kidlashicha, Eron tarafidan hech qanday murosa belgisi kuzatilmayapti. Agar muzokara imkoni yo‘qolsa, Tehron yadroviy dasturni tezlashtirishi va harbiy faoliyatni yanada kengaytirishi mumkinligini bildirgan.

Teglar

Mavzuga oid

Eron AQSH va Isroilni zarbalarni to‘xtatishga chaqirdi va muzokaralarga tayyorligini bildirdi | Vaqt.uz