
Eron AQSHdan cho‘chimoqda: u hujumga duchor bo‘lmaslik evaziga yadroviy dasturni to‘xtatmoqchi
Tehron Vashington bilan keskinlikni yumshatish maqsadida yadroviy dastur bo‘yicha muvaqqat cheklovlarga tayyorligini bildirmoqda, muzokaralar ehtimoli paydo bo‘ldi.
© Foto: IRNA | Ali LarijoniyEron AQSH bilan yuzaga kelgan harbiy to‘qnashuv xavfini bartaraf etish uchun yadroviy dastur bo‘yicha kelishuvga borish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. «The New York Times» manbalariga ko‘ra, Oq uy va Tehron vakillari kam uchraydigan formatda shaxsiy uchrashuv o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Muzokaralarda asosiy maqsad — Donald Tramp tomonidan aytilgan tahdidlarni harbiy ssenariyga aylanib ketishidan oldin deeskalatsiya qilish.
Manbalar ta’kidlashicha, Eron vaziyatni yumshatish uchun yadroviy dasturni yopish yoki vaqtincha to‘xtatishga rozi bo‘lishi mumkin. Biroq Tehron uchun ustuvor variant — AQSH ilgari taklif qilgan mintaqaviy atom energiyasi konsorsiumi g‘oyasini amalga oshirish hisoblanadi. Bu model Eronga yadroviy faoliyatni to‘liq yo‘qotmasdan, xalqaro nazorat ostida qolish imkonini berishi mumkin.
Uran va Rossiya omili
So‘nggi kunlarda Eron Milliy xavfsizlik kengashi kotibi Ali Larijoniy Moskvada Vladimir Putin bilan uchrashib, oyatulloh Ali Xomanaiy nomidan xabar yetkazgan. Unda Eron boyitilgan uranni Rossiyaga yuborish variantini muhokama qilishga tayyor ekani bildirilgan. Bunday mexanizm 2015 yilgi xalqaro yadroviy kelishuvda nazarda tutilgan edi, ammo AQSH keyinchalik undan chiqib ketgan.
Shu bilan birga, Xomanaiyning maslahatchisi Ali Shamxoniy boshqa yondashuvni ham ilgari surdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron uran zaxiralarini mamlakatdan chiqarmoqchi emas, ammo muayyan shartlar evaziga boyitish darajasini 60 foizdan 20 foizga tushirishni muhokama qilish mumkin. Bu bayonot Eronning murakkab muzokara taktikasini aks ettiradi.
Harbiy bosim fonida muzokara
Ma’lumotlarga ko‘ra, juma kuni bo‘lib o‘tadigan uchrashuvda AQSH tomonidan Stiv Uitkoff va Jared Kushner, Eron tomonidan esa tashqi ishlar vaziri Abbos Arog‘chiy ishtirok etishi kutilmoqda. Turkiya, Qatar va Misrning yuqori lavozimli vakillari ham jarayonga jalb etilishi mumkin.
Bir vaqtning o‘zida AQSH mintaqada harbiy bosimni kuchaytirgan. Fors ko‘rfaziga avianosets «Avraam Linkoln» va bir qator harbiy kemalar yo‘naltirilgan. Biroq Saudiya Arabistoni va BAA hududlarini Eronga qarshi hujum uchun berishdan bosh tortdi. Mintaqaviy davlatlar AQSH–Eron to‘qnashuvi keng ko‘lamli beqarorlikka olib kelishidan xavotirda.
«International Crisis Group»ning Eron bo‘yicha direktori Ali Voiz shunday dedi:
«Misli ko‘rilmagan va o‘zaro ma’qullangan mintaqaviy sa’y-harakatlar nafaqat Eronni qo‘llab quvvatlashga qaratilgan, u shuningdek, Amerika aralashuvining milliy chegaralardan toshib o‘tadigan, mintaqada xaos yaratishi istiqbolidan kollektiv tarzda cho‘chishni ham anglatadi».





