Eng yirik fintex bitimi: Click va Halyk Bank kelishuvi amalga oshmadi

Kecha 22:492 daqiqa

O‘zbekiston fintex bozori uchun tarixiy bo‘lishi mumkin bo‘lgan Click va Halyk Bank o‘rtasidagi 237 mln dollarlik kelishuv belgilangan muddatda yakunlanmadi.

Eng yirik fintex bitimi: Click va Halyk Bank kelishuvi amalga oshmadi

O‘zbekistondagi eng yirik to‘lov tashkilotlaridan biri Click 2025-yil o‘rtasida Qozog‘istonning eng katta banki Halyk Bank bilan kelishuvga erishgandi.

Unga ko‘ra, Qozog‘iston banki Click’ning 49 foiz ulushini 176,4 mln dollar evaziga sotib olishi, Click aksiyadorlari esa bankning O‘zbekistondagi sho‘’ba banki — Tenge Bank aksiyalarining 49 foizini 60,8 mln dollarga xarid qilishi kerak edi.

Halyk Bank rasmiy saytida ma’lum qilinishicha, tomonlar o‘rtasida kelishuv muddati 2025-yil, 31-dekabrda tugagan. Belgilangan muddatda hujjatlar imzolanmagan va bitim yakunlanmagan deya qayd etilgan.

Tomonlar o‘rtasida rasmiy bitim amalga oshmagani IT Park’ning 2025-yil yakunlari bo‘yicha hisobotida ham ko‘rsatilgandi.

Kelishuv nega amalga oshmadi?

Click va Halyk Bank’ning bitimi nafaqat O‘zbekiston uchun, Markaziy Osiyo uchun ham eng yirik fintex kelishuvlaridan biri edi. Bitimning umumiy qiymati 237 mln dollardan oshgandi.

Kelishuv amalga oshishi uchun ikki davlat hukumatidan vakolatli organlar ruxsat berishi kerak edi. Sentyabr oyida Halyk Bank Qozog‘iston Markaziy bankidan ruxsat olgani ma’lum bo‘ldi.

Shundan so‘ng Click ham O‘zbekiston Markaziy bankidan ruxsat olish uchun so‘rov yuborgan. Biroq, regulyator rozilik bermagan.

Markaziy bank vakili avval kompaniyalar Raqobat qo‘mitasining dastlabki roziligini olishi kerakligini tushuntirgandi. Regulyator shundan so‘ng monopoliyaga qarshi organ qarorini inobatga olib qaror qabul qilishi ma’lum qilingan.

«Hozircha bitimga ruxsat bermadik. Agar ular Raqobat qo‘mitasi qaroridan so‘ng murojaat qilishsa, biz ularning arizasini belgilangan tartibda ko‘rib chiqamiz», — deya tushuntirgandi Markaziy bank xodimi.

Iqtisodchi Otabek Bakirov o‘shanda tomonlar o‘rtasida kelishuv amalga oshmayotganini shu tariqa izohlagan edi:

«Qonun bo‘yicha Raqobat qo‘mitasi ham, Markaziy bank ham belgilangan tartibda ko‘rib chiqish muddatiga amal qilayotgani yo‘q. Yoki hammasi xuddi eski zamondagidek tepada hal bo‘lishi yoki monopolistlarning roziligini olmagani bilan bog‘liqdir».

Click 2023-yil o‘rtasida Uzum bilan birlashishi haqida e’lon qilgandi. Biroq, bu kelishuvga ham raqobat qo‘mitasi roziligini olish imkoni bo‘lmagan.

Click va Halyk Bank qanchalik yirik tashkilotlar?

Click 2024-yil yakunlariga bo‘yicha O‘zbekistondagi eng ko‘p foyda olgan to‘lov tashkiloti bo‘lgandi.

Fintex yil davomida qariyb 300 mln dollarlik sof foydaga erishgan. Undan keyingi o‘rinlarni Paynet va Payme to‘lov tashkilotlari egallagandi.

Click foydasi 2024-yilda O‘zbekistondagi 70 foiz banklardan ko‘proq bo‘lgan. 2025-yil to‘liq hisobotlar hozircha ochiq manbalarda mavjud emas.

«Halyk Bank» 2025-yilni 2 mlrd dollar atrofida sof foyda bilan yakunladi. Bu O‘zbekistondagi barcha 35 ta bankdan ko‘proq degani.

Tomonlar o‘rtasidagi kelishuv Qozog‘istondagi eng katta moliyaviy tashkilotning O‘zbekiston fintex tizimiga kirib kelishida muhim ahamiyatga ega bo‘lardi.

Teglar

Mavzuga oid