Qozog‘istonda 2-3 yil ichida uchar taksilarni ishga tushirmoqchi

Bugun 09:322 daqiqa

Avtomashinada bir yarim soatlik yo‘l endi 15 daqiqa oladi: Qozog‘istonda ilk kvadroportlar quriladi.

Qozog‘istonda 2-3 yil ichida uchar taksilarni ishga tushirmoqchi

Qozog‘iston hukumati yaqin 2-3 yil ichida Olmaota, Olatov va Qo‘nayev shaharlari o‘rtasida uchuvchisiz uchar taksilar (aerotaksi) tarmog‘ini ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Loyiha doirasidagi dastlabki sinov parvozlari joriy yilning o‘zida boshlanishi kutilmoqda.

Parlament palatalarining qo‘shma majlisida Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari Qanat Bo‘zumbayev mazkur transport tizimi tafsilotlarini ma’lum qildi. Loyihani amalga oshirish uchun AQSHning «Joby Aero» va Xitoyning «AutoFlight» kompaniyalari jalb etilgan.

2025-yilning noyabrida Qozog‘iston tomoni «Joby Aero» kompaniyasi bilan 300 million dollarlik vertikal uchib-qo‘nuvchi elektr apparatlarini (eVTOL) xarid qilish bo‘yicha kelishuvga erishgan edi. Hozirda ushbu Amerika kompaniyasi texnikalariga 15 yillik navbat shakllangani qayd etilgan.

Tezlik va qamrov ko‘rsatkichlari

Aerotaksilar ajratilgan yo‘nalishlar bo‘ylab tirbandliklarsiz, soatiga 300-350 km tezlikda uchadi. Olmaota viloyati, Olatov va Olmaota shaharlari o‘rtasidagi parvoz havoda 10-15 daqiqa vaqtni oladi (bu masofani mashinada tig‘iz vaqtda bosib o‘tishga odatda bir yarim soat sarflanadi).

Havo taksilari orqali sayyohlar Medeu tog‘ klasteri va Qopchig‘ay sohillariga tezkor yetib borishi mumkin. Yo‘nalishdagi kutilayotgan sayyohlar oqimi yiliga 8 million kishini tashkil etadi. Shaharlar transport tarmog‘iga integratsiya qilinadigan maxsus uchish-qo‘nish nuqtalari — kvadroportlar quriladi.

Eksperimental rejim

Olmaotadan 47 km masofada joylashgan yangi Olatov shahri Xitoyning Shenchjen shahridan keyin aerotaksilarni 120 metrdan yuqori balandlikda sinovdan o‘tkazish ruxsat etilgan dunyodagi ikkinchi, Xitoydan tashqaridagi esa birinchi makonga aylanadi.

Mazkur tizim ishlashi uchun Olatov shahrida sun’iy intellekt, dronlar, robotlashtirilgan tizimlar va avtonom transport vositalarini qat’iy qonunchilik cheklovlarisiz sinab ko‘rishga imkon beruvchi maxsus eksperimental huquqiy rejim joriy etiladi.

Shaharni prezident farmoni bilan tuziladigan va bosh vazir raislik qiladigan Kengash boshqaradi. Bunda mamlakatning jinoyat, huquqni muhofaza qilish tizimi va konstitutsiyaviy normalari o‘zgarishsiz qoladi.

Teglar

Mavzuga oid