O‘zbekistonda «yashil» energiya ishlab chiqarish hajmi ma’lum qilindi

Bugun 10:251 daqiqa

2026-yil boshidan buyon O‘zbekistonda quyosh va shamol elektr stansiyalari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi 2 mlrd kWhdan oshdi.

O‘zbekistonda «yashil» energiya ishlab chiqarish hajmi ma’lum qilindi

Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 20-mart holatiga quyosh fotoelektr stansiyalari 959,2 mln kWh, shamol elektr stansiyalari esa 1 mlrd 56,2 mln kWh elektr energiyasi ishlab chiqargan. Jami ko‘rsatkich 2 mlrd 15,4 mln kWh ni tashkil etdi va bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 43 foizga yuqori.

Ayni paytda mamlakatda umumiy quvvati 5 582 MW bo‘lgan 15 ta quyosh va 5 ta shamol elektr stansiyasi faoliyat yuritmoqda. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari hajmi so‘nggi yillarda izchil o‘sib bormoqda: 2024 yilda 4,86 mlrd kWh, 2025 yilda esa 10,5 mlrd kWh «yashil» energiya ishlab chiqarilgan.

Energiya tejamkorlik hajmi

Mazkur natijalar hisobiga 537 mln kub metr tabiiy gaz tejaldi, shuningdek, atmosferaga 1 mln 158 ming tonnadan ortiq zararli moddalar chiqarilishining oldi olindi. Bu esa sohadagi ekologik va iqtisodiy samaradorlikning ortib borayotganini anglatadi.

Shu bilan birga, yil boshidan gidroelektr, quyosh va shamol stansiyalari tomonidan jami 3 mlrd 160 mln kWh elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu hajm taxminan 5,2 mln xonadonning uch oylik yoki 1,3 mln xonadonning bir yillik elektr iste’moliga teng.

Mutaxassislar qayd etishicha, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining kengayishi energetika xavfsizligini mustahkamlash, tabiiy resurslarni tejash va ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid