
Eron IIMK razvedkasiga yangi rahbar tayinlandi
20.06.2025 | 12:2029022
General Majid Xodimiy Isroil hujumida halok bo‘lgan Kozimiy o‘rnini egalladi.

Eron Islom inqilobi muhofizlari (IIMK) razvedka boshqarmasiga general Majed Xodimiy rahbar etib tayinlandi. U ushbu lavozimda Isroil hujumi oqibatida halok bo‘lgan Muhammad Kazimiyning o‘rnini egalladi.
Bu haqda Eronning rasmiy Fars agentligi ma’lum qildi. Xabarga ko‘ra, tayinlov mamlakatdagi xavfsizlik tizimida barqarorlikni saqlash maqsadida amalga oshirilgan.
15 iyun kuni «Iran International» telekanali IIMKyuqori lavozimli shaxslari — brigada generali Muhammad Kozimiy va uning o‘rinbosari Hasan Muhaqqaq Isroil tomonidan amalga oshirilgan havo hujumlari natijasida halok bo‘lganini ma’lum qilgandi. Ular vayronalar ostida qolib ketgan, deb xabar berilgan.
General Xodimiy avvalroq IIMK tarkibida turli razvedka vazifalarini bajarib kelgan va tajribali harbiy hisoblanadi. Yangi rahbarning tayinlanishi Tehronning mintaqaviy xavfsizlik va qarshi josuslik faoliyatini mustahkamlash maqsadida amalga oshirilgani qayd etilmoqda.
IIMK — Erondagi eng ta’sirli harbiy tuzilmalardan biri bo‘lib, mamlakat ichki va tashqi xavfsizlik siyosatida muhim rol o‘ynaydi.





