
Eron: Isroil osmoni ustidan to‘liq nazorat o‘rnatdik
18.06.2025 | 14:1519343
Eron Islom Inqilobi qo‘riqchilari korpusi Isroilga qarshi amalga oshirilgan raketali hujum paytida «okkupatsiya qilingan yerlar» — Isroil osmoni ustidan to‘liq nazorat o‘rnatilganini e’lon qildi. AQSH prezidenti Tramp esa Tehronni taslim bo‘lishga chaqirdi.

Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) matbuot xizmati ma’lum qilishicha, Isroilga qarshi 17 iyun kuni amalga oshirilgan tungi raketali hujum paytida Eron harbiylari Isroil osmoni ustidan to‘liq nazorat o‘rnatgan. Bu haqda Mehr agentligi xabar berdi.
«Olib borilgan raketali amaliyotimiz Isroil osmoni ustidan to‘liq nazorat o‘rnatganimizni va u yerdagi aholi Eron zarbalaridan himoyasiz ekanini namoyon etdi», – deyiladi IIQK bayonotida.Korpus yangi, birinchi avlodga mansub «Fattoh» turkumidagi manyovrli va kuchli raketalardan foydalangan. Bayonotda qayd etilishicha, bu raketalar Isroilning havo mudofaa tizimini chetlab o‘tib, Tel-Avivni bir necha bor larzaga solgan. AQSH prezidenti Donald Tramp esa 17 iyun kuni Eron ustidan to‘liq nazorat o‘rnatilganini ta’kidlab, Tehronni taslim bo‘lishga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Erondagi kuzatuv vositalari va himoya qurilmalari Amerika texnologiyalari bilan taqqoslaganda arzimas hisoblanadi. Isroil armiyasi 13 iyun kuni Eronga qarshi operatsiya boshlaganini e’lon qilgan. Rasmiy Tel-Avivning ta’kidlashicha, amaliyotning asosiy maqsadi — Tehronning yadroviy dasturini bartaraf etish. Eron esa javoban Isroil shaharlariga dron va raketalar bilan zarba berdi. Isroilda kamida 24 kishi halok bo‘lgan, yuzlab odamlar jarohatlangan. Eron tomonidagi qurbonlar soni esa 270 nafardan oshgani ma’lum qilingan.





