
Eron rahbarini «oson nishon» deb atagan Trampga Xitoy javob qaytardi
18.06.2025 | 23:0013564
AQSH prezidenti Donald Trampning Eron oliy rahbari Ali Xomanaiyga nisbatan ochiq tahdidi Xitoy tomonidan tanqid qilindi. Pekin vaziyatni yumshatish uchun AQSHni mas’uliyatli yondashuvga chaqirdi.

AQSH prezidenti Donald Tramp Tehronni yadro masalasida so‘zsiz taslim bo‘lishga chaqirganidan so‘ng, Xitoy AQSHni Isroilga nisbatan «o‘ziga xos ta’siri»dan foydalanib, Eron bilan mojaroni yumshatishga va uni yanada kengaytirmaslikka undadi.
Avvalroq, Tramp Eron Oliy rahbari Ali Xomanaiyning qayerda yashiringanini bilishini va u «hozircha» xavfsiz bo‘lsa-da, «oson nishon» ekanligi aytgan edi. U, shuningdek,«Bizning sabrimiz tugab bormoqda», deya ogohlantirgan.
Tramp Eronni urushni tugatadigan so‘nggi imkoniyat bitimini tuzishga undamoqda. U Eronning yadro qurolini yaratishiga yo‘l qo‘ymasligini aytgan. Tehron esa bu da’voni rad etib, faqat tinch maqsadlarda yadro energiyasidan foydalanishni istayotganini ta’kidlamoqda.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Lin Szyandan Pekinning Trampning Xomanaiy va Eron haqidagi fikrlariga munosabati so‘raldi.
«Xitoy hozirgi vaziyatdan chuqur tashvishda. Biz BMT Nizomining maqsad va tamoyillarini, shuningdek, boshqa davlatlarning suvereniteti, xavfsizligi va hududiy yaxlitligini buzadigan har qanday harakatga qarshimiz. Yaqin Sharqdagi vaziyatning keskinlashuvi hech kimning manfaatiga xizmat qilmaydi.
Isroilga alohida ta’sir o‘tkazadigan davlatlar xolisona va adolatli pozitsiyani egallashi, o‘z zimmasiga tegishli mas’uliyatni olishi, vaziyatni yumshatish va mojaroning kengayishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun faol hamda samarali rol o‘ynashi lozim», deya javob berdi rasmiy tegishli savolga.
«Human Rights Activists» ma’lumotiga ko‘ra, Isroil havo zarbalari natijasida Eronda kamida 585 kishi halok bo‘lgan va 1300 dan ortiq kishi jarohat olgan.





