
Eron sobiq qo‘mondoni musulmonlarni Isroilga qarshi ittifoqqa chaqirdi
14.09.2025 | 15:0022103
Eronda yuqori harbiy martabali sobiq qo‘mondon musulmon davlatlarni Isroilga qarshi yagona kuch sifatida birlashishga da’vat etdi.

Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi sobiq qo‘mondoni Muxsin Rizoyiy Qatarda bo‘lib o‘tadigan arab va musulmon davlatlari sammiti arafasida chiqish qilib, Isroilga qarshi harbiy koalitsiya tuzish g‘oyasini ilgari surdi.
Uning ta’kidlashicha, agar xalqaro islom anjumani G‘azodagi qirg‘in va Isroilning islom mamlakatlariga hujumlariga amaliyoti bilan javob bermasa, mintaqadagi yirik davlatlar ham xavf ostida qolishi mumkin.
Rizoyiy Saudiya Arabistoni, Turkiya va Iroq kabi davlatlarning xavfsizligiga ishora qilib, Isroil har birini alohida nishonga olishidan avval birgalikda harakat zarurligini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘shma harbiy kuch mintaqadagi barqarorlik uchun muhim omilga aylanishi mumkin.
Shia ruhoniysi Jalol Razaviy-Mehr ham bu fikrni qo‘llab-quvvatlab, yagona «Islom armiyasi» tuzish zarurligini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, bunday armiyo islom davlatlarining mudofaa va harbiy kuchlarini yagona qo‘mondonlik ostida birlashtirib, umumiy himoya yoki zarurat bo‘lsa, hujum doktrinasiga asoslanib harakat qilishi kerak.
Qatardagi sammitda Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Isroilning so‘nggi hujumlariga qanday choralar ko‘rilishi masalasini muhokama qiladi. Kuzatuvchilar bu safar tashkilot faqatgina bayonot bilan cheklanmay, amaliy qarorlar qabul qilishi mumkinligini qayd etmoqda. Anjumanda Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkian ham ishtirok etishi kutilmoqda.





