
Eron urani AQSH zarbalaridan so‘ng ham omonligicha qolmoqda
27.06.2025 | 09:2035553
AQSH va Isroilning yadroviy ob’ektlarga havo zarbasidan so‘ng ham Eronning 408 kilogrammlik yuqori darajada boyitilgan urani asosan omon qolgani ma’lum qilindi. Bu holat Vashingtonning yadroviy dasturni yo‘q qilingani haqidagi da’volarini shubha ostiga qo‘ydi.

Financial Times nashrining yozishicha, Yevropa hukumatlariga taqdim etilgan razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, Erondagi yadroviy ob’ektlarga qilingan so‘nggi havo zarbasidan keyin ham mamlakatning boyitilgan uran zaxiralari omonligicha qolgan. Gap taxminan 408 kilogrammga yaqin, qariyb harbiy darajada boyitilgan uran haqida bormoqda.
Ma’lum qilinishicha, ushbu zaxiralar hujum paytida Fo‘rdu shahri yaqinida joylashgan asosiy ob’ektda emas, balki boshqa turli nuqtalarga tarqatilgan holda saqlangan. Shu bois bombardimon yadroviy dasturning to‘liq yo‘q qilinishiga olib kelmagan.
Yevropa razvedka organlari hali ham Fo‘rdu inshootiga yetkazilgan zarar haqida to‘liq hisobotni kutmoqda. Avvalgi ma’lumotlarga ko‘ra, zarar sezilarli bo‘lgan, lekin to‘liq vayron bo‘lmagan. Fo‘rdu — Qum shahri yaqinidagi tog‘ ostida joylashgan strategik yadroviy markaz hisoblanadi.
Shu bilan birga, Eron rasmiylari AQSH zarbasidan avval uran zaxiralari boshqa joylarga ko‘chirilgani haqida ishora qilmoqda. Donald Tramp esa rasmiy razvedka bayonotlarini inkor etib, Eronning yadroviy dasturi «yo‘q qilingani»ni qayd etishda davom etyapti.
Isroil yadroviy komissiyasi ma’lum qilishicha, AQSH va Isroilning zarbalari Eronning yadroviy qurol yaratishdagi rivojini «bir necha yilga ortga surdi». Ammo, mutaxassislar Eronda uran zaxiralari saqlangan va zamonaviy sentrifugalar yashirin joylarda saqlanayotgan bo‘lsa, yadroviy qurol uchun zarur bo‘lgan material ishlab chiqarish imkoniyati saqlanishi mumkinligini ta’kidlamoqda.





