add

Eron uranni boyitish va raketa dasturini to‘xtatmasligini ma’lum qildi

Bugun 09:281572

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchiy xalqaro bosimlarga qaramasdan mamlakat raketa dasturini ham, uranni boyitish jarayonini ham to‘xtatmasligini bildirdi.

Eron uranni boyitish va raketa dasturini to‘xtatmasligini ma’lum qildi

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchiy Mehr agentligiga bergan intervyusida mamlakat raketa dasturi va yadroviy faoliyati bo‘yicha pozitsiyasini aniq bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Tehron xalqaro bosimlarga qaramay, uranni boyitishni davom ettiradi va raketa salohiyatini cheklamaydi.

«Biz raketa dasturimiz bo‘yicha muzokara yuritmaymiz. Biron aqlli inson uni yo‘q qilishga rozi bo‘lmaydi. Uranni boyitishni to‘xtata olmaymiz. Harbiy yo‘l bilan erishib bo‘lmagan narsa siyosiy bosim orqali ham amalga oshmaydi», — dedi Aroqchiy.

Shu bilan birga, u Vashington bilan yadroviy dastur bo‘yicha xavotirlarni bartaraf etish yuzasidan muzokaralar o‘tkazish ehtimolini inkor etmadi.

«Biz bevosita emas, balki bilvosita muloqot orqali kelishuvga erishishimiz mumkin», — dedi vazir.

Uning bergan ma’lumotiga ko‘ra, Isroil va AQSH havo hujumlaridan so‘ng ayrim yadroviy ob’ektlardagi materiallar «bombardimon qilingan binolar ostida qolgan va boshqa joyga ko‘chirilmagan».

Eslatib o‘tamiz, 13–24 iyun kunlari Eron va Isroil o‘rtasida 12 kunlik urush bo‘lib o‘tgan, Isroil aviatsiyasi Tehronning asosiy yadroviy inshootlariga zarba bergan edi. 22 iyunda AQSH ham operatsiyaga qo‘shilib, Fo‘rdu, Natanz va Isfahon yadroviy markazlariga hujum qilgan. Vashington ma’lumotlariga ko‘ra, bu zarbalar Eronning yadroviy dasturiga jiddiy zarar yetkazgan.

Shundan so‘ng Eron siyosiy kengashi vakili Sayyid Muhammad Sadr Rossiyani Isroilga Eronning havo hujumidan himoya tizimi haqida ma’lumot berganlikda ayblab, Moskva bilan ittifoqni «foydasiz» deb atagan edi.

Ma’lumot uchun, BMT Xavfsizlik kengashi 2006 yilda Eronga qarshi ilk sanksiyalarni joriy etgan.

2015 yilda esa Eron yadroviy qurol yaratishdan voz kechib, Atom energiyasi xalqaro agentligi (AEXA) inspektorlarini qabul qilishga rozi bo‘lgan, evaziga cheklovlar bekor qilingan edi. Biroq 2025 yil avgust oyida Britaniya, Germaniya va Fransiya Eronning kelishuvni buzganini ta’kidlab, sanksiyalarni qayta joriy etdi.

12 oktyabr kuni Arakchiy Tehron AEXA bilan hamkorlikni to‘xtatganini ma’lum qildi. Uning so‘zicha, Eron adolatli shartlar taklif etilsa va agentlikning roli aniq belgilansa, kelishuvga qaytishga tayyor.

Teglar

Mavzuga oid