add

«Eron yonmoqda»: Ikki shahar isyonchilar qo‘liga o‘tdi, xavfsizlik kuchlari chekinmoqda

Kecha 14:253 daqiqa

Eronning so‘nggi shohi Muhammad Rizo Pahlaviyning o‘g‘li — muxojiratdagi muxolifat yetakchisi Rizo Pahlaviy «o‘tish jarayoniga rahbarlik qilish» niyatida ekanini oshkor qildi.

«Eron yonmoqda»: Ikki shahar isyonchilar qo‘liga o‘tdi, xavfsizlik kuchlari chekinmoqda

Eronda davom etayotgan ommaviy norozilik namoyishlari fonida Janubiy Ozarboyjonning Tabriz, Ardabil va Zanjon shaharlariga qo‘shimcha xavfsizlik kuchlari va harbiy bo‘linmalar kiritildi.

Eron muxolifat nashrlarining yozishicha, ushbu shaharlardagi razvedka xizmati xodimlari siyosiy va jamoat faollariga qo‘ng‘iroq qilib, ularni namoyishlarda qatnashmaslikdan ogohlantirmoqda.

Qayd etilishicha, Iroq bilan chegara yaqinida joylashgan Obidonon shahri (Ilom viloyati) namoyishchilar nazoratiga o‘tgan. Fox News telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, Obidonondan tashqari Molikshohi shahri ham isyonchilar qo‘liga o‘tgan. Eron Milliy Qarshilik Kengashi (EMQK) ham Obidononning amalda «qo‘lga olingani» tasdiqladi.

«Bugun Eron g‘arbidagi ikki shaharda muhim voqea yuz berdi — ular amalda namoyishchilar nazoratiga o‘tdi va odamlar ko‘chalarda g‘alabani bayram qilmoqda», — dedi EMQK Tashqi ishlar komissiyasi a’zosi Ali Safaviy Fox News telekanaliga bergan intervyusida.

Eron Milliy Inson huquqlari kengashi prezidenti Maryam Rajaviy ham «X» ijtimoiy tarmog‘ida post qoldirib, Molikshohi va Obidonondagi namoyishchilarga minnatdorlik bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, isyonchilar «rejim kuchlarini chekinishga majbur qilgan».

Shu bilan birga, Eronning so‘nggi shohi Muhammad Rizo Pahlaviyning o‘g‘li — muxojiratdagi muxolifat yetakchisi Rizo Pahlaviy Fox News nashriga bergan bayonotida «o‘tish jarayoniga rahbarlik qilish» niyatida ekanini bildirdi. Uning maqsadi — «milliy referendum va konstitutsiyaviy majlis orqali» tinch yo‘l bilan o‘zgarishlarga erishishdir. Sobiq valiahd shahzoda «hal qiluvchi jang» uchun Eronga qaytishga har qachongidan ham tayyor ekanini ta’kidladi.

«Mening vazifam — vatandoshlarimga ushbu maqsadga erishishda yordam berish... Agar yakuniy natija dunyoviy demokratiya bo‘lsa, men uning shakli qanday bo‘lishiga betarafman», — dedi Pahlaviy. — Vaziyat taqazo qilishi bilan Erondagi jarayonlarga aralashishga tayyorman va hal qiluvchi jangga rahbarlik qilish uchun vatandoshlarim safida bo‘laman», — deya ishontirdi u.

Sanksiyalar va Isroil bilan urush oqibatlari tufayli rialning qadrsizlanishi hamda qariyb 50 foizlik inflatsiya ortidan boshlangan namoyishlar o‘nlab shaharlarni qamrab oldi. To‘qnashuvlar oqibatida o‘nlab odamlar halok bo‘ldi, ikki mingdan ortiq kishi hibsga olindi. Xavfsizlik kuchlari ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatmoqda, internetni cheklamoqda. Mamlakatda yashash xarajatlarining minimumi taxminan 266 dollar bo‘lgani holda, rasmiylar aholiga atigi 7 dollar miqdorida ramziy yordam puli taklif qilmoqda.

AQSH prezidenti Donald Tramp avvalroq, agar boshqa davlatlarda namoyishlar shafqatsizlarcha bostirilsa, harbiy kuch ishlatishga tayyorligini ma’lum qilgan edi. Ushbu bayonot Tehronda keskin e’tirozga sabab bo‘ldi va “mulohazasiz” deb ataldi. Eron rasmiylari bunga qat’iy javob qaytarish bilan tahdid qilib, G‘arbni mamlakat iqtisodiyotini izdan chiqarishda aybladi. Siyosatshunoslar vaziyat nazoratdan chiqib, «Venesuela ssenariysi» bo‘yicha rivojlanishidan xavotirda. Shu bilan birga, agar namoyishlarni bostirish imkonsiz bo‘lib qolsa, Eron oliy rahbari oyatulloh Xomanaiyni Moskvaga evakuatsiya qilish rejalari haqida xabarlar tarqalmoqda.

Teglar

Mavzuga oid