add

Eronda hujumga uchragan yadro ob’ektida tashqi radiatsiya darajasi o‘zgarmagan — AEXA

14.06.2025 | 14:0048753

Isroilning Erondagi yadro inshootlariga hujumi ortidan Natanzdagi ob’ektda asosan alfa zarralari aniqlangan, biroq AEHA ma’lumotlariga ko‘ra, radiatsiya tashqi muhitga tarqalmagan.

Eronda hujumga uchragan yadro ob’ektida tashqi radiatsiya darajasi o‘zgarmagan — AEXA
Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) rahbari Rafael Mariano Grossi Eronning Natanz yadro ob’ektida yuzaga kelgan vaziyat bo‘yicha bayonot berdi. Uning ta’kidlashicha, inshootda aniqlangan radioaktiv ifloslanish asosan alfa zarralaridan iborat bo‘lib, ularni maxsus vositalar orqali nazorat qilish mumkin. Shu bilan birga, ob’ekt tashqarisidagi radiatsiya darajasi o‘zgarmagan. 13 iyun kuni ertalab Isroil armiyasi Eronning Tehron, Tabriz, Luriston, Kirmonshoh shaharlari hamda Isfahon viloyatida joylashgan Natanz yadro markaziga keng ko‘lamli havo hujumlari uyushtirdi. Hujumlar natijasida Eron Qurolli Kuchlari Bosh shtabi rahbari Muhammad Boqiriy, uning ikki o‘rinbsarlari — G‘ulomrizo Mehrobiy va Mehdi Rabboniy, Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) qo‘mondoni Hussayn Salomiy, «Hotam ul-Anbiyo» markaziy qo‘mondonlik rahbari G‘ulomali Rashid, IIMK havo-harbiy kuchlari rahbari Ali Hojizoda hamda 6 nafar yadro olimining halok bo‘lgani ma’lum qilindi. Tehrondagi hujumlar oqibatida fuqarolar o‘rtasida ham katta yo‘qotishlar bo‘lgani xabar qilinmoqda. O‘lganlar orasida ayollar va bolalar ham bor. Isroil armiyasi bayonotiga ko‘ra, hujumlarda 200 ta harbiy samolyot ishtirok etgan. O‘z navbatida, Eron ham javob tariqasida Isroil hududiga dronlar va raketalar yo‘llagan. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu hujumlar xavf bartaraf etilmaguncha davom etishini ma’lum qildi. Shu munosabat bilan mamlakat mudofaa vaziri Israel Kats Isroilda umummilliy favqulodda holat joriy qilinganini e’lon qildi.

Teglar

Mavzuga oid