
Eronda namoyishchilarning ommaviy qatli boshlanishi mumkin
Eron hukumati ommaviy norozilik namoyishlarida qatnashgan fuqarolarni tezkor sud jarayonlari orqali qatl etish ehtimolini ochiq muhokama qila boshladi.

Eron sud-huquq tizimi rahbari G‘ulomhussayn Muhsini-Ejaiy davlat telekanalidagi chiqishida norozilik namoyishlarida ishtirok etgan shaxslarga nisbatan tezkor va soddalashtirilgan sud amaliyoti qo‘llanilishi mumkinligini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hokimiyat «vaqtni cho‘zmasdan harakat qilishi shart», chunki oylab kutilgan jazo «kerakli ta’sirni bermaydi». Bu bayonot Eronda jazo choralarining keskinlashishi mumkinligidan darak beradi.
Muhsini-Ejaiyning chiqishi AQSH prezidenti Donald Trampning avvalgi namoyishchilarni o‘ldirmaslik to‘g‘risidagi ogohlantirishlari fonida yangradi. Tramp Eron hukumati namoyishchilarni o‘ldirishni boshlasa, Tehron «juda qat’iy choralar»ga duch kelishini aytgan edi. Shu bilan birga, Vashington namoyishchilarni ochiq qo‘llab-quvvatlab, rasmiy Eron bilan rejalashtirilgan barcha muloqotlarni bekor qildi.
Erondagi norozilik harakatlari 2025 yil dekabr oyi oxirida milliy valuta — riyol kursining keskin qadrsizlanishi ortidan boshlangan. Ilk bosqichda iqtisodiy talablar bilan chiqqan namoyishlar qisqa vaqt ichida siyosiy shiorlarga aylanib, oyatullohlar rejimi va oliy rahbariyat iste’fosini talab qilishga o‘tdi. Noroziliklar mamlakat bo‘ylab o‘nlab shaharlarni qamrab oldi.
Hokimiyat tomonidan internetning uzilishi voqealar haqida mustaqil ma’lumot olishni qiyinlashtirmoqda. AQSHda joylashgan Human Rights Activists News Agency ma’lumotlariga ko‘ra, namoyishlar davomida kamida 2571 kishi halok bo‘lgan. Qurbonlar va hibsga olinganlar soni bo‘yicha rasmiy ma’lumotlar e’lon qilinmayapti.
Eron hukumati namoyishlarni «terrorchilik harakatlari» va «tashqi kuchlar aralashuvi» sifatida baholamoqda. AQSH, Kanada, Yaponiya, Germaniya, Fransiya, Hindiston, Yangi Zelandiya va Irlandiya o‘z fuqarolarini mamlakatni tark etishga chaqirdi. Xalqaro kuzatuvchilar esa vaziyat yanada keskinlashishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.





