
Eronga zarbada Isroil 200 ta samolyotidan birortasini yo‘qotmadi — Bild
13.06.2025 | 20:4547484
Isroil harbiy havo kuchlari tomonidan Eron yadro ob’ektlariga qilingan zarbalarda birorta ham samolyot yo‘qolmagan, deb yozmoqda Bild nashri Bu, kiberhujum va radioaloqani ishdan chiqarish orqali amalga oshirilgan, deya ta’kidlanadi.

Germaniyaning Bild nashriga ko‘ra, Isroil Eronga qarshi aviahujum vaqtida 200 ga yaqin F-35, F-16 va F-15 harbiy samolyotlaridan foydalangan va ularning hech biri yo‘qotilmagan. Bu zarbalar Eron yadro ob’ektlari hamda yuqori harbiy rahbariyatiga qaratilgan bo‘lib, javob zarbalari ehtimoliga qaramay, Isroil tomoni minimal xavf bilan operatsiyani amalga oshirgan.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, Eron havo mudofaa tizimlari faol bo‘lgan bo‘lsa-da, faqat bitta harbiy baza ularga qarshi otishma boshlagan. Buning sababi sifatida kiberxujum va elektron urush texnologiyalarining qo‘llanilishi keltirilgan. Isroillik harbiylar Eronning havo hujumidan himya bo‘limlari orasidagi aloqani, shuningdek, ratsiyalar, telefonlar va hatto peyjerlar faoliyatini bir necha soatga bloklagan.
Shu bois, Eron radarlari Isroil samolyotlarini aniqlash imkoniyatiga ega bo‘lmagan va ularga qarshi vaqtli javob choralari ko‘rilmagan. Hujum paytida hech qanday ogohlantirish xabarlari SMS yoki WhatsApp orqali ham berilmagan.
Bild tahlilchilariga ko‘ra, ushbu omillar Isroil hujumining samaradorligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan va kamida 20 nafar eronlik generalning halok bo‘lishiga sabab bo‘lgan.
SAHAL ma’lumotiga ko‘ra, 13 iyunga o‘tar kechasi boshlangan operatsiyada yuzlab raketa omborlari, «yer-yer» turkumidagi raketalar uchun uchirish majmualari, hamda qo‘shimcha harbiy ob’ektlar yo‘q qilingan. Ulardan biri — G‘arbiy Erondagi raketa qurilmasi — yuk konteynerlari ichida yashirilgan bo‘lgan.
The Wall Street Journal avvalroq ma’lum qilishicha, mazkur operatsiya taxminan ikki hafta davom etadi, chunki yadroviy dasturga yetarlicha zarar yetkazish uchun bir martalik zarba kamlik qilishi mumkin. Shu bois Isroilning hujumlari kompleks ko‘rinishga ega — strategik ob’ektlar, harbiy yetakchilar va qurol omborlariga bir paytning o‘zida zarba berilayotgani aytilmoqda.





