Eronning yangi rahbari maxfiy tarzda Moskvaga olib ketilgani aytilmoqda

Bugun 08:552 daqiqa

Yaqin Sharqdagi urush boshlangandan beri jamoatchilikka ko‘rinish bermagan Eron Oliy rahbari Mo‘jtabo Xomanaiy davolanish uchun yashirin reys bilan Rossiya poytaxtiga evakuatsiya qilindi, deb yozmoqda Kuvayt nashrlari.

Eronning yangi rahbari maxfiy tarzda Moskvaga olib ketilgani aytilmoqda

Kuvaytning «Al Jarida» nashri o‘z manbalariga tayanib xabar berishicha, Mo‘jtabo Xomanaiy harbiy amaliyotlarning ilk kunidayoq jarohat olgan va doimiy tibbiy nazoratga muhtoj bo‘lib qolgan.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 10-mart kuni Eron Prezidenti Mas’ud Pizishkiyon bilan telefon orqali so‘zlashganda shaxsan davolanish taklifini bergan. Shundan so‘ng, Eron rahbari Rossiya harbiy samolyotida Moskvaga olib ketilgan va Putin qarorgohlaridan biri hududidagi maxsus klinikada muvaffaqiyatli operatsiya qilingan.

Mo‘jtabo Xomanaiyning Moskvaga evakuatsiya qilinishiga nafaqat urush sharoitidagi tibbiy qiyinchiliklar, balki Isroilning uni yo‘q qilish haqidagi tahdidlari ham sabab bo‘lgan. Eron maxsus xizmatlari mahalliy shifokorlar orqali rahbarning manzili haqidagi ma’lumotlar sizib chiqishidan xavfsiramoqda.

Avvalroq Eron Tashqi ishlar vazirligi rahbarning jarohatini tasdiqlagan, biroq uning ahvoli barqaror ekanini bildirgan edi. «The New York Times» nashri esa uning oyoqlaridan jarohatlangani haqida yozgan.

 

Murojaatning haqiqiyligi shubhali

«Al Jarida» nashrining yana bir manbasi Mo‘jtabo Xomanaiy nomidan e’lon qilingan ilk murojaatning haqiqiyligiga shubha bildirmoqda. Taxminlarga ko‘ra, ushbu matn Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Ali Lorijoniy tomonidan yozilgan bo‘lishi mumkin, chunki murojaat mazmuni uning avvalgi chiqishlariga juda o‘xshash. Ushbu bayonotda Eron AQSH bilan urushni davom ettirishi va dunyo neft yetkazib berishning 20 foizini ta’minlaydigan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi qamalini saqlab qolinishi aytilgan edi.

Ayni paytda G‘arb OAVlarida Eron rahbarining ahvoli haqida turli xabarlar tarqalmoqda. Britaniyaning «The Sun» tabloidi Mo‘jtabo Xomanaiyning «oyoqlaridan ayrilgani» va «koma holatida» ekanini da’vo qilgan bo‘lsa, AQSH Mudofaa vaziri Pit Hegset uning «mayib bo‘lgani va yashirinib yurgani»ni bildirgan.

 

Trampning keskin pozitsiyasi

AQSH Prezidenti Donald Tramp Mo‘jtabo Xomanaiyni AQSH uchun «maqbul bo‘lmagan shaxs» deb atab, undan taslim bo‘lishni talab qilgan edi. Trampning ta’kidlashicha, Vashington o‘ldirilgan oyatullohning vorisini tan olmaydi. Amerika yetakchisi Eronning yangi rahbarini tayinlashda shaxsan ishtirok etishi kerakligini, aks holda yangi hukumat «uzoqqa bormasligini» qat’iy ta’kidlagan.

Teglar

Mavzuga oid