«Ezgulik» jamiyati raisi Abdurahmon Tashanovga ma’muriy ish qo‘zg‘atildi
Harbiy prokuratura Abdurahmon Tashanovga nisbatan yolg‘on xabar tarqatish bo‘yicha ma’muriy ish qo‘zg‘atdi.

Harbiy prokuror polkovnik Otabek Xolboyevning 2026 yil 28-fevraldagi qarori bilan Inson huquqlari «Ezgulik» jamiyati raisi Abdurahmon Tashanovga O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 202(2)-moddasi 1-qismi (Yolg‘on xabar tarqatish) asosida ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan. Dastlabki surishtiruvni Harbiy prokuraturaning o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi tergovchisi, podpolkovnik Timur Muhitdinov olib borgan.
Ma’muriy ish materiallariga ko‘ra, Tashanov o‘zining «Facebook» sahifasida bir nechta postlar e’lon qilgan. Jumladan, 2025 yil 11-dekabrda «Ikki mulozim davlatga xoinlikda ayblangan», 2026 yil 8-yanvarda «Vahshiyona qiynoq, zo‘raki iqrorliklar. Mahkum ahvoli og‘irligini iddao qilmoqda» hamda 2026 yil 3-fevralda «Vahshiyona qiynoq, xalqaro tashkilot bayonoti va prokurorning jur’ati» nomli postlar joylashtirib, O‘zbekiston Respublikasining qonuniy ravishda saylab qo‘yilgan hokimiyati va organ vakillarining qadr-qimmati kamsitilishi va obro‘sizlanishiga olib keladigan axborotlarni tarqatgan.
Shuningdek, Tashanov «Ozodlik Radiosi»ning YouTube platformasidagi «Ofis qurboni: Allamjonovga qarshi ko‘rsatma uchun qiynashdi» nomli ko‘rsatuvga intervyu berib, yolg‘on axborot tarqatgani ta’kidlanmoqda.
Ayni paytda, fuqaro Nozim Abdullayevning iddaolari ham ish materiallarida tilga olingan. Uning aytishicha, u Davlat xavfsizlik xizmati tergov boshqarmasida yuqori lavozimli shaxslarga qarshi ko‘rsatma berishga majburlangani va qiynoqlarga duchor bo‘lgani haqida inson huquqlari «Ezgulik» jamiyatiga murojaat qilgan.
Abdurahmon Tashanov esa ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida o‘z postlari murojaatlar va rasmiy hujjatlarga asoslanganini bildirgan. Uning ta’kidlashicha, mazkur murojaatlar muallifi tomonidan Prezidentdan tortib Ombudsmangacha bo‘lgan o‘ndan ortiq idoralarga bir yil davomida yuborilgan.
Shu bilan birga, Tashanov o‘z chiqishlari bo‘yicha ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan ma’lumotlar yuzasidan tegishli ekspertiza markazlarida o‘rganishlar olib borilayotgani haqida ma’lumotlar borligini aytgan.
«Mening OAV va ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarim yuzasidan tegishli ekspertiza markazlarida o‘rganishlar olib borilayotganiga oid ma’lumotlar mavjud. Menga bu haqda aytishdi, ehtiyotingizni qiling, deyishdi.
Qonundan panoh so‘rash, o‘zimni mahkamada himoya qilishdan o‘zga ehtiyotim yo‘q», — deb yozadi Tashanov o‘zining «Facebook»dagi sahifasida.
Ma’lumot uchun, avvalroq Fransiya hukumati tomonidan Abdurahmon Tashanovga inson huquqlari himoyasi yo‘lidagi faoliyati uchun berilgan «Ozodlik, tenglik, birodarlik» mukofoti pullari ham O‘zbekistonda to‘sib qo‘yilgan edi. Shuningdek, tashkilotning Oliy Majlis qoshidagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan o‘tkazib kelinadigan tanlovda yutib olgan va korrupsiyaga qarshi kurashni ko‘zda tutuvchi 500 million so‘mlik qonuniy grant mablag‘i noma’lum sabablarga ko‘ra o‘tkazib berilmagan.





