
Facebook endi barcha videolarni Reels formatida joylashtiradi
18.06.2025 | 18:2025823
Facebook platformasida foydalanuvchilar tomonidan yuklanadigan barcha videolar endilikda avtomatik tarzda Reels formatida joylashtiriladi. Bu haqda kompaniya rasmiy blogida ma’lum qildi. Yangi tartib keyingi oylarda bosqichma-bosqich dunyo bo‘ylab joriy etiladi.

Avvalroq foydalanuvchilar video yoki Reels formatini tanlab yuklashlari mumkin edi. Yangi tizimda esa ushbu tanlov bekor qilinib, video avtomatik ravishda Reels sifatida namoyish etiladi. Shu bilan birga, Facebook'ning «Video» sahifasi ham «Reelslar» deb qayta nomlanadi.
Kompaniya bildirishicha, ushbu yangilanish foydalanuvchiga tavsiya etiladigan videolar algoritmiga ta’sir qilmaydi. Reels formati uchun uzunlik va format bo‘yicha cheklovlar ham olib tashlanadi — bu avval 90 soniya bilan cheklangan edi.
Meta’ning bu qadami Instagram’da 2022 yildan boshlab qo‘llanayotgan uslubga o‘xshaydi. Unda 15 daqiqadan qisqa videolar avtomatik tarzda reels’ga aylantirila boshlangan edi.
Facebook yangi formatni joriy etish bilan ijodiy jarayonni soddalashtirish, video almashish imkoniyatlarini kengaytirish va foydalanuvchiga auditoriyani boshqarish imkonini berishni maqsad qilgan. Endilikda foydalanuvchi video yuklar ekan, uni kimlar ko‘rishi mumkinligini belgilay oladi: barcha, faqat do‘stlar yoki belgilangan guruh.
Shu tariqa, Facebook barcha turdagi videolar uchun yagona platforma sifatida qoladi: Reels, uzoq videolar yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirlar.





