
Fanlar akademiyasi olimlari xavfsiz grafenli suv filtrini yaratdi
Yangi biomos material asosida ishlab chiqilgan laboratoriya qurilmasi suvni yuqori samara bilan tozalash imkonini bermoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Materialshunoslik instituti olimlari biologik usulda olingan ko‘p qatlamli grafenni yaratib, uni suv tozalash sohasida qo‘llashga muvaffaq bo‘ldi. Ushbu ishlanma mamlakatda ilmiy tadqiqotlarning amaliy samaraga yo‘naltirilayotganini ko‘rsatadi.

Yaratilgan material asosida WATER-TOL nomli filtr-press qurilmasining laboratoriya namunasi ishlab chiqildi. Qurilma suv tarkibidagi zararli qo‘shimchalarni yuqori darajada ushlab qolishib, maishiy va sanoat ehtiyojlari uchun qo‘llash imkoniyatiga ega.
So‘nggi yillarda grafen va boshqa uglerod asosidagi materiallar ilmiy jamoatchilik diqqat markazida bo‘lib kelmoqda. Biroq ularning aksariyati zaharli kimyoviy moddalar ishtirokida olinishi sababli tibbiyot va ekologiyada qo‘llanilishi cheklangan edi.
Fanlar akademiyasi olimlari tomonidan yaratilgan ko‘p qatlamli grafen esa bu jihatdan mutlaqo xavfsiz hisoblanadi. U inson organizmi uchun zararsiz bo‘lgan nanokarbon material bo‘lib, olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijalariga ko‘ra:
Inson to‘qimalariga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi;
Yaralarning tez bitishiga yordam beradi, jumladan, diabet sababli uzoq vaqt bitmaydigan yaralarning qisqa muddatda tuzalishi qayd etilgan;
Bakteriyalar, viruslar va zamburug‘larga qarshi faol ta’sirga ega;
Hujayra va to‘qimalarning tiklanish jarayonini rag‘batlantiradi.
Mutaxassislar ko‘p qatlamli grafenni biomos yangi avlod materiali sifatida baholamoqda. U tibbiyot, farmatsevtika va sanoat bilan bir qatorda, ekologik muammolarni hal etishda, xususan, suv va havoni tozalash hamda zaharli moddalarni yutib olishda katta salohiyatga ega.





