Logo

Farg‘onada 200 ming dollar pora talab qilgan shaxs qo‘lga olindi

Bugun 12:582 daqiqa

Farg‘onada qiymati 1,2 mln dollarlik noturar joyni qayta rasmiylashtirib berish evaziga 200 ming dollar talab qilgan «Mansur Kazanskiy» laqabli shaxs ushlandi.

Farg‘onada 200 ming dollar pora talab qilgan shaxs qo‘lga olindi © Videodan kadr

Farg‘ona viloyatida Toshkent shahrida yashovchi fuqaroga tegishli qiymati 1,2 mln dollar bo‘lgan noturar joyni qayta rasmiylashtirib berish evaziga 200 ming dollar talab qilgan shaxslar ushlandi. Bu haqda viloyat IIB ma’lum qildi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, «Mansur Kazanskiy» laqabi bilan tanilgan Mansur Aripov mazkur obyektni 1,2 mln dollarga sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishgan. Tomonlar hisob-kitobni obyektni garovga qo‘yish va bank krediti orqali amalga oshirishni rejalashtirgan.

Obyekt notarial tartibda Aripov nomiga rasmiylashtirilgan. Biroq u kredit bo‘yicha oylik to‘lovlar va foiz stavkalari bilan tanishgach, kredit olishdan bosh tortgan. Shundan keyin noturar joyni avvalgi egasiga qaytarish uchun 200 ming dollar talab qila boshlagan.

Tergov tafsilotlari

Ma’lum qilinishicha, Aripov ushbu harakatlarga 1968 yilda tug‘ilgan boshqa shaxsni ham jalb qilgan. Shuningdek, jabrlanuvchining tadbirkor sherigiga nisbatan jinoiy javobgarlikka tortish uchun foydalanish mumkin bo‘lgan materiallar borligi aytilgan va undan ham 200 ming dollar talab qilingan.

Farg‘ona viloyati IIB hamda DXX xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Aripov Farg‘ona shahridagi Burhoniddin Marg‘inoniy ko‘chasida joylashgan notarial idorada qo‘lga olingan.

U tergov ma’lumotlariga ko‘ra, noturar joyni tovlamachilik yo‘li bilan 100 ming dollar evaziga jabrlanuvchi nomiga qayta rasmiylashtirayotgan vaqtda ushlangan.

Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 165-moddasiga (tovlamachilik) asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ishga aloqador shaxslar protsessual tartibda ushlangani ma’lum qilindi.

Teglar

Mavzuga oid