
Farg‘onada 213 mln so‘m subsidiya talon-toroj qilindi
16.05.2025 | 10:0028372
Farg‘onada kambag‘allikni qisqartirishga ajratilgan byudjet mablag‘lari mansabdorlar tomonidan soxta hujjatlar orqali o‘zlashtirildi. Jami 213 million so‘m davlat subsidiyasi asossiz va qonunga xilof ravishda berilgan.

Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, Farg‘ona shahridagi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi mansabdor shaxslari davlat mablag‘larini talon-toroj qilgan.
29 nafar haqiqatda ishsiz bo‘lmagan shaxsga 145 mln so‘m subsidiya asossiz ravishda ajratilgan. Bundan tashqari, subsidiya so‘rab murojaat qilmagan 8 nafar fuqaroga ham 34,2 mln so‘m mablag‘ berilgan.
Eng achinarlisi, ayrim fuqarolarning nomidan, ularning roziligisiz, go‘yo ularga 21 mln so‘mlik tikuv mashinalari berilgani haqida soxta hujjatlar tuzilgan. Ammo aslida bu uskunalar mansabdorlar tomonidan o‘zlashtirilgan.
Tekshiruvlar natijasida davlat byudjeti hisobidan ajratilgan 213 mln so‘m mablag‘ qonunga xilof ravishda ishlatilgani fosh etildi.
Hozirda Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi — juda ko‘p miqdorda firibgarlik moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergov harakatlari boshlangan.





