
Farg‘onada noqonuniy Umra reklamasi bilan shug‘ullanganlar aniqlandi
Raqobat qo‘mitasi Farg‘onada litsenziyaga ega bo‘lmagan shaxslar tomonidan Telegram orqali Umra safarlariga oid reklama tarqatgan uchta kanalga nisbatan qonunbuzarlik holatlarini aniqladi. Hozirda kanal ma’murlariga nisbatan ishlar qo‘zg‘atilib, materiallar sudga yuborilgan.
Raqobat qo‘mitasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Farg‘ona viloyatida «Reklama to‘g‘risida»gi Qonun talablariga rioya etilishi yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida, litsenziyasiz Umra reklamalari tarqatgan Telegram kanallar aniqlangan.
Jumladan, Farg‘ona shahrida yashovchi Abubakirsiddiq Rahmatullayevning «Umra Safari 2025», Marg‘ilon shahridagi Muhammadyusuf Odiljonovning «Saudiyaga Sayohat Muhammadyusuf» va Yozyovon tumanida yashovchi Abdulvohid Rahimovga tegishli «Makka Madina Sayohat» nomli kanallarda tegishli litsenziya hujjatlari mavjud bo‘lmagan holda sayohat reklamalari joylashtirilgan.
Qonunbuzarlik alomatlari bo‘yicha mazkur shaxslarga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, hujjatlar sudga yuborilgan. Shuningdek, litsenziyasiz faoliyat yuritayotgan boshqa axborot resurslarini aniqlash maqsadida Ichki ishlar vazirligi va Kiberxavfsizlik markaziga murojaat qilingan.
Ma’lumot uchun, joriy yilda Umra tadbirlarini tashkil etish uchun yana ikki kompaniyaga litsenziya berilgan bo‘lib, umumiy soni 14 taga yetdi. May oyida to‘rtta litsenziyasiz turoperatorga nisbatan jarimalar qo‘llangan. Shu bilan birga, Telegramda noqonuniy reklama qilgan 11 ta kanal ma’muri ma’muriy javobgarlikka tortilgan.





