Farg‘onada zaharlangan bog‘cha bolalarining 40 nafari shifoxonada qolmoqda
Farg‘onada uchta davlat bog‘chasida zaharlangan 62 boladan 22 nafari sog‘ayib uyiga javob berildi, 40 nafari shifoxonada qolmoqda.

Farg‘ona shahrida ovqatdan zaharlangan 62 nafar tarbiyalanuvchidan 40 nafari hozircha shifoxonada davolanmoqda. Viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, 25-fevral soat 08:00 holatida 22 nafar bola sog‘lig‘i yaxshilangani munosabati bilan uyiga ruxsat etilgan.
21-fevral kuni shahardagi 2, 58 va 61-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan kamida 62 nafar bola «alimentar etiologiyali o‘tkir diareya kasalligi» tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan edi. Ilgariroq ulardan uch nafari reanimatsiya bo‘limiga joylashtirilgani, ahvoli barqaror ekani xabar qilingan.
Hozirgi paytda viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi hamda Farg‘ona shahar bolalar shifoxonasida davolanayotgan bolalarning ahvoli nisbatan qoniqarli deb baholanmoqda. Boshqarma ma’lumotiga ko‘ra, kun oxiriga qadar yana bir necha nafar bolani uyiga javob berish rejalashtirilgan.
Holat ortidan MTT oshxonalari va oziq-ovqat yetkazib beruvchi korxonada tekshiruvlar o‘tkazilgan. Laboratoriya tahlillari uchun namunalar olingan bo‘lib, natijalar 10 kun ichida jamoatchilikka e’lon qilinishi bildirilgan. Shu bilan birga, shahardagi ayrim davlat bog‘chalarida tarbiyalanuvchilar ovqatlanishi to‘liq nazoratga olingani ta’kidlanmoqda.
Voqea yuzasidan Jinoyat kodeksining 257−1-moddasi — sanitariyaga oid qonunchilikni buzish bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, mazkur bog‘chalarga oziq-ovqat mahsulotlarini Garden Catering Trade kompaniyasi yetkazib bergan. 2024 yilda kompaniya hokim qarori asosida «tajriba» doirasida mahsulot yetkazib berish huquqini olgan. Ochiq manbalarga ko‘ra, u tendersiz 100 milliard so‘mdan ortiq shartnomalar imzolagan.
Sog‘liqni saqlash boshqarmasi vaziyat to‘liq nazoratda ekanini bildirmoqda. Tergov va laboratoriya natijalari holatga huquqiy baho berishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi kutilmoqda.





