
Farmatsevtika va tibbiy jihozlar sohasi tadbirkorlari bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tadi
28.07.2025 | 08:0027713
29 iyul kuni Toshkent shahrida farmatsevtika, tibbiy asbob-uskunalar sanoati va savdosi yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar ishtirokida ochiq muloqot tashkil etiladi.

Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida o‘tkazilayotgan tazbir 29 iyul kuni soat 09:30 da boshlanadi va jonli efirda namoyish etiladi.
Muloqot tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida kuzatilayotgan dolzarb muammolarni aniqlash, ularning yechimlarini muhokama qilish hamda tarmoqdagi tizimli kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan. Shu orqali sohadagi ishbilarmonlarga yanada qulay sharoit yaratish va iqtisodiy faollikni rag‘batlantirish ko‘zda tutilgan.
Tadbirda Savdo-sanoat palatasi, Biznes-ombudsman instituti rahbariyati, Prezident huzuridagi tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoatchilik kengashi a’zolari, shuningdek, sohaga daxldor bir qator mas’ul idoralar vakillari ishtirok etadi.
Uchrashuv davomida tadbirkorlar to‘g‘ridan to‘g‘ri fikr bildirish, qonunchilik va nazorat amaliyotidagi muammolarni ko‘tarish, shuningdek, sohaviy islohotlarga doir takliflarini berish imkoniga ega bo‘ladi.
Prezident huzuridagi ochiq muloqotlar tizimi doimiy ravishda har xil sohalardagi tadbirkorlarning ovozini eshitish va davlat-tashabbuskor hamkorligini kuchaytirishga xizmat qilmoqda. Farmatsevtika va tibbiy jihozlar yo‘nalishidagi bu galgi muloqot ham aynan shunday maqsadda tashkil etilmoqda.
 





