
Fermerlarga uch karra soliq va jarima — Prezident farmonlariga zid holat
04.07.2025 | 19:0045313
Qonunchilik palatasida fermerlarga yangi jarima va soliq yuklovchi qonun loyihasi qabul qilindi. Ammo bu qaror amaldagi Prezident farmonlariga zid kelishi mumkin.

Qonunchilik palatasida dala, ariq va zovur chetlariga ekin ekmagan fermerlarga 10 BHM miqdorida jarima va yer solig‘ining 3 karraga oshirilishi nazarda tutilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi. Ushbu yangi tartib fermerlarga jiddiy moliyaviy yuk olib kelishi kutilmoqda.
Biroq bu qaror amaldagi Prezident farmonlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri zid kelayotgani ta’kidlanmoqda. 2023 yil 28 fevralda qabul qilingan PF-27-son farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 iyulgacha tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan yangi turdagi javobgarlik va jazo choralarini joriy etishga moratoriy e’lon qilingan.
Shuningdek, 2025 yil 19 martda qabul qilingan PF-50-son farmonga muvofiq, 2028 yil 1 yanvargacha kichik va o‘rta biznes sub’ektlariga yangi majburiyatlar yuklash taqiqlangan. Bu moratoriy fermer xo‘jaliklariga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri taalluqli.
Yuqoridagi farmonlar hozirgi qonun loyihasida nazarda tutilgan yangi jarima va soliq yuklari qonunga zid bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Agar loyiha qabul qilinsa, yo Prezident farmonlarini “chetlab o‘tib” amalga oshiriladi, yoki ularga muvofiq 2028 yilgacha amalga kiritilishi kechiktiriladi.
Yuristlar bu kabi holatlarda avval Prezident farmonlari ustuvor hisoblanishi, qonun loyihasi esa shunga moslashtirilishi shart ekanini ta’kidlamoqda. Hozirda ushbu qonun loyihasi jamoatchilikda keskin bahslarga sabab bo‘lmoqda.





