Logo

FIFA JCH-2026 oldidan g‘ayrioddiy xizmat taklif qildi

Bugun 08:201 daqiqa

Futbol muxlislari 79 dollar evaziga o‘z ismlarini stadion tablosida ko‘rishlari mumkin.

FIFA JCH-2026 oldidan g‘ayrioddiy xizmat taklif qildi

FIFA 2026 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati arafasida muxlislar uchun yangi tijoriy xizmatni ishga tushirdi.

Unga ko‘ra, futbol ishqibozlari qo‘shimcha haq to‘lash orqali o‘z ismlarini turnir o‘yinlari vaqtida stadionning katta ekranlarida ko‘rsatish imkoniyatini qo‘lga kiritadi.

«The New York Times» nashrining ma’lum qilishicha, mazkur xizmat narxi 79 dollarni tashkil etadi.

Muxlislar maxsus ariza orqali o‘z xabarlarini yuborishlari mumkin bo‘lib, ular guruh bosqichi bahslari oldidan o‘tkaziladigan chigalyozdi mashg‘ulotlari vaqtida arenaning elektron tablosida namoyish qilinadi.

FIFA talablariga ko‘ra, xabar matni 30 belgidan oshmasligi kerak. Shuningdek, xabarlarda emojidan foydalanishga ruxsat berilmaydi.

Yangi xizmat turnirning guruh bosqichidagi barcha 72 ta uchrashuv uchun amal qiladi.

Ta’kidlanishicha, tashabbus muxlislarning turnirga bo‘lgan qiziqishini oshirishga qaratilgan.

2026 yilgi Jahon chempionati 11-iyundan 19-iyulgacha AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi. Bu tarixda ilk bor uchta davlat hamkorlikda mezbonlik qilayotgan mundial hisoblanadi.

Shuningdek, musobaqa kengaytirilgan formatda o‘tkazilib, unda 48 ta milliy terma jamoa ishtirok etadi.

Yangi reglamentga muvofiq, har bir guruhdan eng yaxshi ikki jamoa hamda uchinchi o‘rinni egallagan eng yaxshi sakkiz terma jamoa pley-off bosqichiga chiqadi.

Teglar

Mavzuga oid