
Firmalarning 20 foizidan ortig‘i nomida chet tilidagi so‘zlar bor — Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi
18.09.2025 | 18:4026954
O‘zbekistonda 3600 dan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotda o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida 2500 dan ortiq chet tilidagi yozuv va xatolar aniqlandi. 21 ta kompaniyaga ma’muriy ish ochildi.

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi yil boshidan beri 3615 ta savdo va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotda davlat tilidan foydalanish qoidalariga rioya etilishi bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkazdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Tekshiruvlar chog‘ida ishlovchilar yozuvlar, e’lonlar va ovozli xabarlarda davlat tilining to‘g‘ri qo‘llanilishini o‘rgandi. 2510 ta holatda chet tilidagi so‘zlardan foydalanish yoki grammatik xatolar qayd etildi. Shundan 1993 tasi joyida bartaraf etilgan. Biroq 21 ta holatda ma’muriy javobgarlikka tortish uchun ish ochildi.
Qo‘mita, shuningdek, 2900 dan ortiq tashkilot va korxonaga rasmiy ogohlantirish xatlari yuborganini, bozorlar, dorixonalar, umumiy ovqatlanish va savdo markazlari xodimlari bilan tushuntirish ishlari olib borilganini ma’lum qildi.
Aksilmonopoliya qo‘mitasi tahliliga ko‘ra, so‘nggi yillarda tashkil etilgan kompaniyalarning 20 foizidan ziyodi o‘z nomlarida «chet tilidagi yoki o‘zbek tili mezonlariga mos kelmaydigan so‘zlar»dan foydalanmoqda. Samarqand viloyatida bu ko‘rsatkich 40 foiz, Andijon va Sirdaryo viloyatlarida 30 foiz, Namanganda esa 26 foizni tashkil etgan.
Masalan, Buxoro viloyatida 2024 yilda ro‘yxatdan o‘tgan 5 mingta kompaniyadan 300 tasining nomi chet tilidagi so‘zlarni o‘z ichiga olgan. Bu raqam 2024 yilning birinchi choragida keskin oshgan — 1203 firmaning 245 tasi chet tilidagi nom bilan qayd etilgan.
Mazkur holatlar yuzasidan mutasaddi idoralar tomonidan zarur chora-tadbirlar belgilanib, davlat tilida axborot taqdim etilishini ta’minlash bo‘yicha tushuntirish va profilaktik ishlar olib borilmoqda, deyiladi qo‘mita xabarida.





