
Florida qirg‘og‘ida 1 mln dollarlik ispan tangalari xazinasi topildi
13.10.2025 | 09:2247044
Atlantika okeani tubidan mingdan ziyod kumush va oltin tangalar topildi. 1715 Fleet — Queens Jewels kompaniyasi xazina qiymatini 1 million dollarga baholadi.

AQSHning Florida shtati qirg‘og‘i yaqinidagi Atlantika okeani tubidan mingdan ziyod ispan tangalari topildi, deb xabar berdi 1715 Fleet — Queens Jewels LLC kompaniyasi. Topilmaning umumiy qiymati 1 million dollarga baholanmoqda, deb yozadi Associated Press.
Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, kumush va oltin tangalar Boliviya, Meksika va Perudagi ispan mustamlakalarida zarb etilgan bo‘lishi mumkin. Ular «Xazinalar sohili» deb ataluvchi hududda suv osti dayverlari tomonidan yoz mavsumida topilgan.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, 1715 yil 31 iyulda Ispaniyaga yo‘l olgan 11 ta xazina yuklangan kemalar floti to‘fon oqibatida halokatga uchragan va yuk okeanga g‘arq bo‘lgan. Shundan beri ushbu sohilda bir necha million dollarlik tangalar va zargarlik buyumlari topilgan.
Kompaniyaning operatsiyalar direktori Sal Guttuzo ta’kidlashicha, xazinaning ahamiyati faqat uning moddiy qiymatida emas:
«Har bir tanga — Ispaniya imperiyasining Oltin davriga oid tarixning bir bo‘lagi. Bir vaqtning o‘zida mingdan ortiq tangani topish — juda noyob holat», deydi u.
Guttuzo jamoasi metall detektorlar, suv osti qum so‘rish tizimlari va maxsus qidiruv usullari yordamida xazinani qidirgan.
Florida qonunlariga ko‘ra, davlat suvlarida topilgan tarixiy ashyolar davlat mulki hisoblanadi. Shu bilan birga, xazina izlovchilarga litsenziya asosida qidirish va olib chiqish ruxsat etiladi. Topilmaning 20 foizi muzeylar yoki ilmiy tadqiqotlar uchun davlat ixtiyorida qoldiriladi, qolgan qismi esa kompaniya va uning hamkorlariga teng taqsimlanadi.
Guttuzoning ta’kidlashicha, barcha osori atiqalari inventarizatsiya qilinib, davlat idoralari tomonidan tasdiqlanadi.
«Biz ishni qonunga muvofiq olib boramiz. Bu nafaqat bizga, balki Florida xalqiga ham foyda keltiradi — xazinalar oxirida muzeylarda namoyish etiladi», — dedi u.





