
Fond bozori noyabrda: obligatsiyalarda «Uzum» ustun, aksiyalar bozorida volatillik yuqori
«Toshkent» Respublika fond birjasi 2025 yil noyabr oyi yakunlari bo‘yicha Main Board savdo statistikasini e’lon qildi. Ma’lumotlar obligatsiyalar segmentida «Uzum» ekotizimi ustunligini, aksiyalar bozorida esa keskin o‘sish va tushishlar fonida yuqori volatillikni ko‘rsatadi.

Noyabr oyida obligatsiyalar savdo hajmi deyarli bir markaz atrofida shakllandi. UZUMN2B2 kodli qimmatli qog‘oz 376,6 mlrd so‘m hajm bilan mutlaq yetakchi bo‘ldi. Bu ikkinchi o‘rindagi BFMT3V4 (25,1 mlrd so‘m) dan qariyb 15 baravar yuqori. «Uzum» ekotizimi O‘zbekistonda onlayn savdo, raqamli banking va nasiya xizmatlari bo‘yicha eng faol va keng tanilgan guruhlardan biri hisoblanadi. Shu fonda investorlar «tanish brend+barqaror kupon» kombinatsiyasini afzal ko‘radi va UZUMN2B2 atrofida likvidlik to‘planmoqda.
Reytingning keyingi pog‘onalarini BFMT3V4, ACMT1B3, MKLS3B2 va ACMT1B egalladi. ACMT1B noyabr oyida 35,36 foizlik o‘sish qayd etdi. Umuman olganda, obligatsiyalar segmentida «yirik emitent+kichik kuzatuvchilar» modeli ustun. Investorlar asosan brendga, kupon barqarorligiga va ikkilamchi bozordagi likvidlikka e’tibor qaratmoqda.
Aksiyalar savdo hajmi bo‘yicha 4,4 mlrd so‘m bilan birinchi o‘rinni IQMK (O’zIMQK) egalladi. Ipoteka sekyuritizatsiyasi bo‘yicha ilk pilot emissiya fonida investorlar e’tibori kuchaymoqda. Keyingi o‘rinlarda URTS (2,76 mlrd so‘m) va HMKB (2,51 mlrd so‘m) joylashdi. UZTL, SQBN, EQQU, UZMK, QZSM, CBSK va UTYK ham TOP-10 ga kirdi. EQQU 878 foiz o‘sishi yuqori volatillikni ko‘rsatadi. Bunday keskin o‘zgarishlar ko‘pincha past likvidlik va alohida yirik bitimlar fonida yuzaga keladi, shuning uchun ularni fundamental o‘sish bilan bevosita bog‘lash har doim ham to‘g‘ri bo‘lmasligi mumkin.
Tushishlar ham keskin: HMKB -73,80 foiz, UZTL -59,98 foiz, QZSM -33,47 foiz, UTYK -32,75 foiz, CBSK esa -14,68 foiz pasayishni ko‘rsatdi. Bunday dinamikani baholashda emitent bo‘yicha yangiliklar, moliyaviy natijalar va savdo hajmini ko‘rmasdan turib yakuniy xulosa chiqarish noto‘g‘ri. Ayrim hollarda bu texnik sotuvlar, ayrim hollarda esa fundamental omillar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Noyabr statistikasi O‘zbekiston fond bozorining bir nechta muhim xususiyatini ochib beradi. Kupon oldindan ma’lum, pul oqimi prognoz qilinadigan obligatsiyalar nisbatan barqaror. UZUMN2B2 kabi emissiyalar atrofida likvidlik to‘planishi ham shundan dalolat beradi. Aksiyalar yuqori volatillikka ega. Shu sabab bir oy ichida yuzlab foizlik o‘sish yoki keskin pasayish kuzatilishi mumkin.
Bu ayniqsa likvidlik cheklangan aksiyalarda yaqqol ko‘rinadi. Obligatsiyalarda UZUMN2B2, aksiyalarda IQMK, URTS va HMKB atrofida savdo to‘plangan. Bu bozor chuqurligi hali shakllanmaganini ko‘rsatadi. Noyabr-dekabr davrida institutlar portfellarini qayta ko‘rib chiqadi, risklarni balanslaydi. Shu sababli ayrim emitentlarda texnik sotuvlar, boshqalarida esa jamlangan xaridlar kuchayishi tabiiy.
Konservativ investorlar uchun obligatsiyalar segmenti, xususan, UZUMN2B2, BFMT3V4, ACMT1B3 barqaror kupon va past volatillik tufayli asosiy yo‘nalish bo‘lib qolmoqda. Aksiyalar segmenti yuqori risk va potensial qabul qiladigan, bozor mantiqini va yangiliklar ta’sirini kuzatishga tayyor investorlar uchun mos.
Bunday sharoitda faqat foizga emas, balki savdo hajmi, emitent fundamentali va likvidlikga ham e’tibor berish muhim. O‘zbekiston fond bozori o‘sish bosqichida. Yangi IPO dasturlari, institutsional investorlar faolligi va raqamli platformalar kengayishi kelgusi yillarda bozor dinamikasini sezilarli o‘zgartirishi mumkin.
G.Bozorova tayyorladi.





