
«Forbes» ilk bor dunyodagi eng boy ayollar ro‘yxatini e’lon qildi
30.06.2025 | 14:157754
«Forbes» jurnali tarixda ilk bor dunyo bo‘yicha o‘z boyligini mustaqil orttirgan 50 nafar eng boy ayollar ro‘yxatini taqdim etdi. Bu ayollar turli sohalarda biznes qura olgan va dunyo iqtisodiyotida muhim o‘rin egallashga erishgan.

«Forbes» jurnali Global Entrepreneurship Monitor ma’lumotlariga tayanib, dunyoda 658 million ayol turli kompaniyalarga asos solgan yoki ularni boshqarib kelayotganini ma’lum qildi. Erkaklar orasida esa bu ko‘rsatkich 722 million kishini tashkil qiladi.
Ayol tadbirkorlarning yutuqlarini e’tirof etish maqsadida «Forbes» jurnali ilk bor o‘z boyligini mustaqil orttirgan dunyodagi eng boy 50 nafar ayol reytingini e’lon qildi. Ushbu ro‘yxatga 13 mamlakat va 4 qit’adan ayollar kiritilgan. Ularning umumiy boyligi 276 mlrd dollarga teng bo‘lib, o‘rtacha har biri 5,5 mlrd dollarga ega.
Reytingda birinchi o‘rinni shveysariyalik Rafaela Aponte-Diamant egalladi. Uning boyligi 38,8 mlrd dollarga teng. U va turmush o‘rtog‘i Janluiji Aponte Mediterranean Shipping Company (MSC) kompaniyasiga asos solgan bo‘lib, MSC bugungi kunda dunyodagi eng yirik yuk tashuvchi kompaniyadir. Rafaela 80 yoshida ham kompaniya faoliyatida faol ishtirok etmoqda.
Ikkinchi o‘rin amerikalik Dayan Hendriksga nasib etdi. Uning boyligi 22,3 mlrd dollar bo‘lib, u ABC Supply kompaniyasining hammuassisi. Bu kompaniya AQSHda qurilish materiallari yetkazib berish bo‘yicha yetakchilardan biri hisoblanadi.
Uchinchi o‘rin xitoylik Chjun Xueyszyanga tegishli. U Hansoh Pharmaceuticals kompaniyasiga asos solgan va uning boyligi 15,6 mlrd dollarni tashkil etadi. Kompaniya onkologik va infeksion kasalliklarni davolashga ixtisoslashgan.
To‘rtinchi o‘rinda yana xitoylik tadbirkor Chjou Syunfey joy olgan. U sensorli ekranlar ishlab chiqaruvchi Lens Technology kompaniyasiga asos solgan va uning boyligi 10 mlrd dollarga yetgan. Kompaniya Apple, Samsung va Tesla kabi yirik mijozlarga xizmat ko‘rsatadi.
Ro‘yxatda shuningdek, Buyuk Britaniyadan Deniz Kouts, AQSHdan Judi Folkner, Kanadadan Lin Tan, Gonkongdan Van Laychun, AQSHdan Marian Ilich va Linda Resnik kabi tadbirkor ayollar ham mavjud.





