
Ford Focus’ning ishlab chiqarilishi to‘xtatildi — butun bir davr yakunlandi
Ford Yevropa bozorida mashhur bo‘lgan Focus modelini ishlab chiqarishni to‘xtatdi. Kompaniya endi elektromobillar va krossoverlarga to‘liq o‘tishga yo‘nalmoqda.

Ford rasman 27 yil davomida Yevropada eng ko‘p sotilgan modellardan biri bo‘lgan Focus avtomobilini ishlab chiqarishni to‘xtatdi. Bu qaror kompaniyaning Yevropa uchun tuzilgan elektromobillar strategik rejasi doirasida qabul qilingan, deb yozmoqda Autocar.
Focus o‘rnini yangi Explorer va Capri elektrokrossoverlari egalladi. Ushbu modellar Volkswagen Group’ning MEB elektr platformasiga asoslangan bo‘lib, ikki avtokonsernning hamkorligini namoyon qiladi.
Focus ishlab chiqarilgan Germaniyaning Saarluis shahridagi zavodda avtomobillar yig‘ilishi to‘xtatildi. Ford ushbu zavodda boshqa modellarni ishlab chiqarishni rejalashtirmayotganini ma’lum qilgan va haligacha uning kelajagi bo‘yicha aniq qaror qabul qilinmagan.
Focus va Fiesta’ning ketishi Ford’ni Yevropa bozorida kuchsizlantirdi. ACEA ma’lumotiga ko‘ra, kompaniya 2015 yilda Yevropada 2-o‘rinda bo‘lgan bo‘lsa, 2024 yilda 12-o‘ringa tushib ketdi. Shu davr mobaynida kompaniya bozor ulushining yarmini yo‘qotgan.
Ford o‘z pozitsiyalarini tiklash uchun Jim Baumbikni Yevropa bo‘limiga rahbar etib tayinladi. U avval Focus va Kuga loyihalariga rahbarlik qilgan va endi Yevropa mijozlariga mos yangi mahsulotlar ishlab chiqishi kutilmoqda.
Focus’ning ketishi Ford uchun katta o‘zgarishlarni anglatadi. Kompaniya ommaviy va arzon hetchbeklar segmentidan chiqib, elektromobillar va yuqori marjali krossoverlarga e’tibor qarata boshladi. Bu strategik qaror ekologik talablar va bozor tendensiyalariga javob bo‘lsa-da, an’anaviy mijozlarni Volkswagen Golf va Toyota Corolla kabi raqobatchilarga boy berish xavfini ham tug‘diradi.





